Konditsionerli xonada ishlashda nimaga e'tibor berish kerak?

0

Nodira Alixanova,
Aholining sog'lom turmush tarzini qo'llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori:

— Konditsionerlar ventilyatsiyasi bor xona va binolarga o'rnatish uchun mo'ljallangan. Bunday sharoitda ularning inson salomatligiga salbiy ta'siri kam bo'ladi.

Xonada ventilyatsiya mavjud bo'lmasa, konditsioner havoni bir necha marotaba qayta-qayta sovutadi va quritadi. Havo kislorod bilan to'yinmaydi. Bu esa salomatlikka salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.

Konditsionerli xonada muntazam o'tirib ishlaydigan xodimlar ust kiyimlariga e'tibor berishlari kerak. Ularning libosi tabiiy matodan, o'ziga namlikni yengil singdira oladigan bo'lgani ma'qul.

Ushbu qurilmada nafas tizimi infeksiyalarini qo'zg'atuvchi mikroorganizmlar to'planib qolishi mumkin. Shu bois unga havoni namlantiradigan uskuna qo'yish lozim.

Konditsionerda xavfli bakteriyalar, viruslar va allergenlar mavjud. Og'ir pnevmoniya kasalligining keltirib chiqaradigan mikroblar ham ushbu sovutish vositasini «yaxshi ko'radi».

Shunday ekan, konditsioner zararsiz ishlashi uchun uning tozaligiga e'tibor berish, har uch haftada changyutkich yordamida tozalash yoki suvda yuvib turish lozim.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati