Nukus xalqaro aeroportiga hujum qilingani ma'lum bo'ldi

0

Bundan tashqari shahar ma'muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitatsiya markazi va IIB binosiga ham hujum uyushtirilgan, deb yozmoqda Zamon.uz nashri.
Bu haqda Bosh prokuratura bo'lim prokurori Abror Mamatov ishtirokida o'tkazilgan brifingda ma'lum qilindi.

 

Ta'kidlanishicha, 2 iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahar tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo'ysunmasdan, Nukus shahridagi blok postda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy Gvardiya xodimining maxsus vositalarini (ratsiya, dubinka, kaska, shovqinli granata, himoya qalqoni) qo'lga kiritgan va Xo'jayli tumanidagi harbiy postga noma'lum shaxslar tomonidan hujum uyushtirilib, qurol-yaroqlar tortib olingan.

 

Ommaviy tartibsizliklar davomida Nukus shahridagi «Las Vegas» kafesi yonida davlat raqami 40 L 340 QA bo'lgan MAN rusumli yuk transport vositasi, «Eski shahar»dagi markaziy masjid oldida davlat raqami 01 267 UFA bo'lgan «KAMAZ» rusumli yuk transport vositasi, Shumanay tumanidagi «Ismoilov Jabbor-bergen» fermer xo'jaligiga tegishli bo'lgan vagon yoqib yuborilgan.

 

Nukus shahar Sport kompleksi yonidagi «Do'stlik» kanali ko'prigiga, Nukus shahridagi ko'plab bino-inshootlar va yo'l to'siqlariga ham ko'plab talafotlar  yetkazilgan.

 

Ommaviy tartibsizliklar oqibatida hozirga qadar aniqlangan holatlarga ko'ra, jami 245 nafar shaxsga, jumladan 38 nafar huquq – tartibot organlari xodimiga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan, og'ir tan jarohatlari tufayli 18 nafar   fuqaro vafot etgan.

 

Holat yuzasidan tergov va tezkor – qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda. Tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari qonunlarga qat'iy rioya qilingan holda o'tkazilib, qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini  ta'minlashning  barcha  choralari  ko'riladi.