KFC ham Rossiyada qolmoqchi emas

0

Amerika KFC va Pizza Hut brendlariga egalik qiluvchi korporatsiyasi Yum! Brands kompaniyasi Rossiyadagi KFC restoranlarini mahalliy operatorga sotish bo'yicha muzokaralar olib borayotganini ma'lum qildi. Shundan so'ng Yum! Brands Rossiyani butunlay tark etadi.

«O'tgan oy Yum! Brands barcha Pizza Hut franchayzing aktivlariga egalik huquqini muassasalarni mahalliy operatorga topshirishni yakunladi. Kompaniya, shuningdek, KFC restoranlari, jumladan, franchayzing restoranlari tarmog'iga egalik huquqini mahalliy operatorga o'tkazish jarayonida. KFC’dan so'ng Yum! Brands Rossiyadan butunlay chiqib ketish niyatida», — deyiladi kompaniya saytida.

Kompaniyaning ta'kidlashicha, Rossiyadagi Pizza Hut restoranlari allaqachon mahalliy operatorga sotilgan va u tarmoq rebrendingini boshlaydi. Rossiyadagi KFC shoxobchalari sotilgach, kompaniya Rossiyani butunlay tark etadi. Rossiyada jami 50 ga yaqin Pizza Hut restorani va 1,1 mingdan ortiq KFC shoxobchalari faoliyat yuritgan.

Yum! Brands 9 mart kuni Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti munosabati bilan Rossiya bozorini tark etish niyatida ekanligini e'lon qildi. Bir kun oldin kompaniya barcha investitsiyalarni to'xtatayotganini ma'lum qilgandi. O'shanda kompaniya Rossiya bozoridagi barcha daromadlarni ukrainalik qochqinlarga yordam berishga yo'naltirish niyatini ham qayd etgandi.