Toshkentda yoshi kichik bolaga qilingan “uqalash muolajasi” nafaqat tibbiyot, balki insoniylik tuyg'ulariga ham yotdir — Sog'liqni saqlash vaziri

0

Sog'liqni saqlash vaziri Behzod Musayev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “uqalash muolajasi” bilan bog'liq videolavhaga munosabat bildirdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “uqalash muolajasi” bilan bog'liq videolavha barchamizda e'tiroz va nafrat uyg'otdi. Chunki ushbu xatti-harakatlar nafaqat tibbiyot, balki insoniylik tuyg'ulariga ham yotdir. Vazirlikning bu kabi holatlarga nisbatan pozitsiyasi aniq va qat'iy: biz inson hayoti va salomatligiga xavf soladigan, qadr-qimmati va sha'nini toptovchi har qanday xatti-harakatga murosasiz munosabatdamiz.

Shuning uchun ham mazkur masala yuzasidan o'rganish natijalari va xulosalarimizni, xususan, uqalash muolajasini bajargan shaxsning tegishli ruxsatnoma, sertifikat, ijara shartnomasi, fizioterapiya yo'nalishida diplom va malaka toifasiga ega  bo'lmay faoliyat yuritganiga doir faktlarni huquq-tartibot idoralariga taqdim etamiz. Ishonamizki, tez orada ushbu holat o'z huquqiy bahosini oladi», – dedi Musayev.
Shu o'rinda vazir ota-onalarga ham alohida murojaat qildi:

«Shu o'rinda, ota-onalardan tegishli litsenziya, ruxsatnoma va malakaga ega bo'lmagan kimsalarga farzandlarining taqdiri va salomatligini ishonib topshirmasliklarini, agar bunday noqonuniy xatti-harakatlarga duch kelsa, darhol vazirlikning 71-241-10-67 yoki 71-241-82-40 telefon raqamlariga murojaat qilishlarini so'raymiz”, – deyiladi vazir munosabatida.