Alisher Usmonov rafiqasi Irina Viner bilan ajrashish haqidagi arizasini qaytarib oldi

0

«Da'vogar tomonidan da'vo talabidan voz kechilishi sabab fuqarolik ishini ko'rib chiqish to'xtatiladi», deb sudya Boris Safarin so'zlarini keltirmoqda «RIA Novosti».

Ish bo'yicha dastlabki eshituvlar 1 oy oldin o'tkazilgan va unda Usmonov va Viner emas, balki ularning yuristlari ishtirok etgan. Tomonlar shaxsiy hayot daxlsizligini ta'minlash maqsadida ishni yopiq holatda ko'rib chiqishni so'ragan, sud ham bunga rozi bo'lgan.

«Baza» nashrining yozishicha, juftlikning nikohi bekor qilingan. Nashrga ko'ra, 4 iyul kuni Moskvadagi Kunsevsk FHDYosi Usmonov va Vinerning nikohi bekor bo'lganini qayd etgan. Juftlik munosabatlarini sudsiz bekor qilish bo'yicha bir qarorga kelgan.

Rossiya qonunlariga ko'ra, agar voyaga yetmagan farzandlar bo'lmasa, nikohni bekor qilish uchun sudga murojaat qilish shart emas. Bunda masalani FHDYo orqali ham hal qilish mumkin. Sudga ariza berilishi sababi esa er-xotindan birining ajrashishga rozi emasligini anglatadi. Birgalikda erishilgan mulkni taqsimlash masalasi esa nikohdan ajratish jarayonida ko'tarilmaydi. U er va xotin o'rtasida sudsiz hal qilinishi yoki alohida sud mahkamasida ko'rib chiqilishi mumkin.

Sud ishi kartotekasidan ma'lum bo'lishicha, nikohni bekor qilish bo'yicha arizani Usmonov bergan. RIA Novosti bilan bo'lgan suhbatda Viner «Agar hammasi tinch hal etilsa, agar hammasini kelishib olsak, hech qanday izoh berilmaydi», degan.

Hozircha tomonlar ajrashish haqidagi qaror bo'yicha batafsil izoh bermagan.

Ma'lumot uchun, qilichbozlik bilan shug'ullangan namanganlik Alisher Usmonov va badiiy gimnastika bilan shug'ullangan samarqandlik Irina Viner Toshkentda tanishgan. Juftlik 1992 yil turmush qurgan. Ularning farzandi yo'q.