Facebook logosi namoyishi uchun qamoq va boshqalar: Rossiyada o'ta repressiv qonun qabul qilindi

0

Rossiya Davlat dumasi o'zining bahorgi sessiyasining so'nggi kunida Rossiya Federatsiyasini SSSR davriga uzil-kesil qaytaradigan qarorlar qabul qildi. Mamlakatda endi amalda armiyaga xizmat qilishdan boshqa ish qilish imkonsiz bo'lib qoldi.

Davlat dumasi deputatlari Ukraina bilan urush sharoitidagi yakunlovchi yalpi yig'ilishda repressiv qonunlarning yangi paketlarini qabul qildi. Muxtasar qilib aytiladigan bo'lsa, mamlakatda endi istalgan narsa uchun qamoqqa tushish mumkin, fuqarolarning bir qator huquqlari olib qo'yildi.

Iqtisodiyot harbiy relslarga o'tkazilmoqda

Deputatlar hukumatning RF hududidan tashqarida harbiy operatsiyalar olib borilayotganda «iqtisodiyot sohasida maxsus choralarni joriy etish» taklifini qo'llab-quvvatlashdi. Mamlakatda mobilizatsion quvvatlar va ob'yektlar qayta ishga tushiriladi, ishchilar tungi vaqtda va bayram kunlari ham mehnatga jalb etilishi mumkin.

Bundan tashqari, kompaniyalar armiya ehtiyojlari uchun turli mahsulotlarni yetkazish bo'yicha davlat shartnomasi tuzishga majburlanadi. (Mudofaa vazirligi singari) ayrim buyurtmachilar shartnoma shartlarini u tuzib bo'linganidan so'ng o'zgartirish huquqiga ega bo'ladi. Tushuntirish xatida aytilishicha, qonun loyihasi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli muhokamaga kiritilgan.

Kechagi o'quvchilar — shartnoma asosidagi askarlar

Qonun loyihasiga ko'ra, o'rta ma'lumot olgan o'smirlar Mudofaa vazirligi, Rossiya Milliy gvardiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan darhol (hozirgidek, uch oy xizmatdan so'ng emas) shartnoma imzolash huquqiga ega bo'lishadi.

Davlat dumasining oila, ayollar va bolalar masalalari qo'mitasi hujjatni tanqid ostiga olgan, biroq u baribir qabul qilingan.

Kuchishlatar tizimlarni tanqid qilganlar qamaladi

Deputatlar Jinoyat kodeksiga o'zgartirishlarning butun bir «guldasta»sini qabul qilishdi. Unga ko'ra, davlatga xiyonat, dushman tomonga o'tish, sanksiyalarga chaqiruv va ekstremistik ramzlarni namoyish qilish uchun belgilangan moddalar yanada qat'iylashtirilgan.

Masalan, Jinoyat kodeksiga «Davlatning xavfsizligiga qarshi qaratilgan faoliyatni amalga oshirishga ochiq chorlash» deb ataluvchi 280(4)-modda kiritilmoqda. Bu moddani buzganlik uchun 4 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi. Davlat sirini oshkor qilish deya endi shu axborotlarga ega «tashuvchilarning joyini o'zgartirish yoki boshqa yoqqa yuborish» ham hisoblanadi. Ushbu qonunga ko'ra, Facebook yoki Instagram logotiplarini namoyish qilishga ham jazo qo'llanadi.

Tashqi savdo haqidagi ma'lumotlar maxfiylashtiriladi

Hukumat G'arb sanksiyalaridan jabr ko'rayotgan iqtisodiyot haqidagi barcha ma'lumotlarni «tozalash»ga harakat qilmoqda. Buning uchun Rossiyada «aksilsanksion axborot» termini joriy qilinmoqda, bu xorijiy hamkorlar bilan o'tkazilgan yoki rejalashtirilgan bitimlar haqidagi ma'lumotlarni bildiradi.

«Maxfiy» grifi ostiga tarqalishi bitim ishtirokchilarini yangi sanksiyalarga duchor qilishi mumkin bo'lgan ma'lumotlar kiritiladi. Boshqa bir qonun bilan davlat siri ma'lumotlari sirasiga oltin zaxirasi va Rossiya Federatsiyasi valyuta zaxiralari miqdori haqidagi ma'lumotlar ham kiritilgan.

Qarindoshlar haqidagi ma'lumotlar moliyaviy razvedka qo'liga o'tadi

Deputatlar Rossiya moliyaviy monitoringi (Rosifinmonitoring)ga Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish yagona davlat reestridan ma'lumotlar olish huquqini taqdim etishdi. Bu yo'l bilan RF hukumati jinoiy yo'l bilan qo'lga kiritilgan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaror qilgan.

Rosreestrdagi ma'lumotlar maxfiylashtiriladi

Tasdiqlangan qonun loyihasi ko'chmas mulkka ega jismoniy shaxslarni identifikatsiyalashni qiyinlashtiradi — buning uchun «Shaxsiy ma'lumotlar haqidagi» federal qonunga o'zgartirishlar kiritilmoqda. Endi Ko'chmas mulk yagona davlat reestri (EGRN)dagi shaxsiy ma'lumotlar uchinchi tomonga faqat o'sha jismoniy shaxsning roziligi bilan berilishi mumkin bo'ladi. Senzurani deputatlar yana kuchishlatar tizimlar xodimlarini asrash zaruriyati bilan oqlashgan.

Davlat dumasining bahorgi sessiyasi repressiv qonunlar bo'yicha barcha rekordlarni yangiladi. Masalan, deputatlar Jinoyat kodeksi va Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksga Rossiya qurolli kuchlarini «diskreditatsiya» qilish to'g'risidagi moddalarni kiritishgan.

G'arb sanksiyalariga javoban Davlat dumasi Inson huquqlari bo'yicha Yevropa sudi qarorlarini bajarmaslik to'g'risidagi qonunni qabul qilgan. G'arb kompaniyalari Rossiyani birin-ketin tark etgach, ularning mol-mulklarini milliylashtirishga qaror qilingan.