«Keling, zo'ravonlarga emas bolalarga g'amxo'rlik qilaylik!»

0

Bir muddat avval Toshkentda 8-sinf o'quvchisi bilan yaqinlik qilgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu holat yuzasidan  11 noyabr kuni, jinoyat ishlari bo'yicha Mirobod tuman sudida sudlanuvchilar A. X., B. G. va M. M. ga nisbatan jinoyat ishini ko'rib chiqish bo'yicha yopiq sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud hukmi e'lon qilingandi.

E'lon qilingan sud hukmiga ko'ra, A. X. Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o'n olti yoshga to'lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

B. G. va M. M. esa Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Biroq kuni kecha ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVlarda aybdorlar ozodlikka chiqarilgani xabar qilindi.

Mazkur holat fuqarolar o'rtasida keskin muhokamalarga sabab bo'ldi. Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o'rinbosari Saida Mirziyoyeva ham holatga o'z munosabatini bildirib, bu adolatsizlik ekanini bildirdi.

«Voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkan uch kishi shartli ravishda ozodlikka chiqarilgani haqida xabar topgach, qattiq tushkunlik va og'riqni his qildim. Bu odamlar normal hayotga qaytishdi, yana bolalar bilan ishlashda davom etishmoqda»,-deydi u.
Mirziyoyevaning fikricha, voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishga doir qonunchiligimiz bolalardan ko'ra ko'proq jinoyatchilar haqida qayg'uradi va bu adolatsizlikni zudlik bilan tuzatish zarur.

«Jinoyat kodeksining 128 va 129-moddalari bolalar va o'smirlarni himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlarga javob bermaydi. Bunday jinoyatlar uchun, istisno tariqasida, ozodlikni cheklash yoki ahloq tuzatish ishlari tarzida jazo qo'llanilmasligi kerak. Ushbu moddalarni kuchaytirish kerak, ularga barvaqt ozod bo'lish imkoniyatisiz jiddiy muddatlar qo'llanilishi lozim.
Rais o'rinbosarining ta'kidlab o'tishicha, hozir haddan tashqari yengil jazolar potensial jinoyatchilarni qo'rqitmaydi va aynan turli «samosud»larga turtki bermoqda.

«Shuni yodda tutish kerakki, bolalar va o'smirlarni manipulyatsiya qilish, ularni qo'rqitish oson, ular o'zlarining xatti-harakatlari uchun ongli ravishda javobgar bo'lolmaydilar. Har qanday holatda ayb butunlay kattalarga yuklanadi. Keling, zo'ravonlarga emas bolalarga g'amxo'rlik qilaylik. Bu sohaga doir qonun hujjatlarini qayta ko'rib chiqish zarur. Qancha tez bulsa, shuncha yaxshi»,-deydi u so'zining so'ngida.