Pelosi yonayotgan olovga moy sepganga o'xshaydi!

0

Xitoy Pelosining Tayvanga tashrifidan keyin Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytiradi.
Xitoy hukumati Tayvan bo'g'ozida keskinlik kuchayishi fonida Rossiya bilan strategik hamkorlikni mustahkamlashga tayyor. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) tashqi ishlar vaziri Van I rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan Pnompenda bo'lib o'tgan uchrashuvda ma'lum qildi, deb yozadi «RBK».

Van I qayd etishicha, Rossiya «‘yagona Xitoy’ tamoyiliga og'ishmay rioya qiladi» va Xitoy «suverenitetiga nisbatan har qanday tajovuzlar»ga qarshi chiqadi.

«O'z navbatida Pekin Rossiya bilan strategik hamkorlikni kuchaytirishga tayyor, toki biz birgalikda BMT asosiy rolni o'ynaydigan xalqaro tizimni, shuningdek, umumiy qabul qilingan xalqaro huquq normalariga tayanuvchi tartibni yanada samaraliroq himoya qilaylik», — dedi Van I.

Uning so'zlariga ko'ra, Rossiyaning Tayvan bo'yicha pozitsiyasi «keng qamrovli Xitoy-Rossiya strategik sherikligining yuqori darajasi»dan va Pekin va Moskva xalqaro maydonda bir-biriga berayotgan ko'makdan darak beradi. Birgalikda ular «dunyoda teng huquqlilik va adolatni himoya qiladi», deya qo'shib qo'ydi vazir.

Xitoy va Tayvan aloqalari orolga 2 avgust kuni AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining tashrifidan keyin keskinlashdi. XXR Tayvanni o'z hududi deb hisoblaydi va uning Xitoy diplomatik munosabatlar o'rnatgan mamlakatlar vakillari bilan aloqalariga qarshi chiqadi, bunday muloqotlar uning suverenitetini buzadi, deb hisoblaydi. AQSh, o'z navbatida, Pelosining safari ularning Tayvanga nisbatan siyosatiga muvofiq kelishini va «ziddiyat uchun hech qanday sabablar yo'q»ligini qayd etdi.

Rossiya hukumati Pelosining safariga salbiy munosabatda bo'ldi. Kreml ushbu tashrifni «mutlaqo keraksiz provokatsiya» deb atadi. TIV esa spikerning safari orqali AQSh jamoatchilikning e'tiborini ichki muammolardan va Ukrainadagi vaziyatdan chalg'itishga urinayotganini taxmin qildi.

Eslatib o'tamiz, Nensi Pelosi Tayvanga tashrifidan so'ng Janubiy Koreyada sovuq kutib olindi, uning Osiyo safari doirasida Janubiy Koreyaga kelishi umid qilinganidek darajada e'tiborga loyiq bo'lmadi.