O'zbekiston kompaniyalari Rossiya savdo markazlarida ish boshlashga jalb etiladi

0

Tadbirkorlar O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko'magida Rossiya savdo markazlaridagi do'konlarni ijaraga olishlari mumkin. Bu haqida “RIA Novosti” xabar berdi.

Qayd etilishicha, SSP o'zbekistonlik tadbirkorlarni savdo do'konlariga jalb qilishda Rossiya savdo markazlari kengashiga ko'maklashmoqda.

Avvalroq kengash Rossiyada o'z faoliyatini to'xtatganini e'lon qilgan xorijiy kompaniyalarni almashtirish uchun mamlakatga xorijiy riteylerlarni jalb qilish bo'yicha muzokaralar olib borilayotganini ma'lum qilgan edi.

“Rossiyada faoliyat yurituvchi kompaniyalardan biri O'zbekiston Savdo-sanoat palatasiga yirik savdo markazlarida savdo do'konlarini ijaraga berish bo'yicha hamkorlik qilish taklifi bilan murojaat qildi”, deyiladi palata xabarida.

Qayd etilishicha, hozirda bu borada yaqindan hamkorlik yo'lga qo'yilgan.

Rossiya savdo markazlaridagi faollik so'nggi oylarda bir qator xorijiy brendlarning ketishi tufayli pasaydi.

Rossiya, Belarus va Qozog'iston savdo markazlari kengashi ma'lumotlariga ko'ra, savdo majmuasining joylashuvi va ijarachilarning mavjudligiga qarab, uni qayta tiklash uchun ikki yildan to'rt yilgacha vaqt ketishi mumkin.