JSST odamdan itga maymunchechak yuqqani sababli ogohlantirish bilan chiqdi

0

Fransiyada odamdan itga maymunchechak virusini yuqtirishning dunyodagi birinchi holati aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) holat yuzasidan ogohlantirdi. Bu haqda «NDTV» xabar berdi.

Tashkilot murojaatida maymunchechakka chalingan odamlarni hayvonlarga yaqinlashtirmaslik, ular bilan aloqa qilmaslikni so'ragan. Bunga Parijda ikki erkak va ular bilan birga yashovchi it o'rtasida maymunchechakning hayvonga yuqishi holati sabab bo'lgan.

«Bu odamdan hayvonga yuqishi haqida xabar berilgan birinchi holat hisoblanadi», —deydi JSSTning maymunchechak bo'yicha texnik rahbari Rozamund Lyuis.

U mutaxassislar yuqishning bunday yo'li haqidagi nazariy xavfni bilgani va sog'liqni saqlash idoralari allaqachon bemorlarga «uy hayvonlaridan izolyatsiya qilishni» maslahat berganini aytgan. Bundan tashqari, u uydan tashqarida kemiruvchilar va boshqa hayvonlarni yuqtirish xavfini kamaytirish uchun «chiqindilarni boshqarish juda muhim» ekanini bildirgan.

«Viruslar turlar orasida tarqalish to'sig'idan o'tib ketganda, ular ko'pincha xavfliroq yo'nalishda mutatsiyaga uchraganida xavotir uyg'otadi», — degan u.

Mutaxassis virus boshqa populyatsiyada turli muhitga o'tishi bilan, uning rivojlanishi va mutatsiyaga uchrashi ehtimoli borligini ta'kidlagan. Asosiy tashvish uydan tashqari hayvonlarga tegishli hisoblanishi keltirilgan.

«Ko'proq xavf virus hayvonlar zichligi yuqori bo'lgan kichik sutemizuvchilar populyatsiyasiga kirishi hisoblanadi. Bir hayvondan kasallik boshqasiga yuqishi jarayonida virusning tez evolyutsiyasini ko'rasiz. Men virus itdan odamga qaraganda tezroq yuqishini kutmayman, lekin hushyor bo'lishimiz kerak. Uy hayvonlari xavf tug'dirmaydi», — degan JSSTning favqulodda vaziyatlar bo'yicha direktori Maykl Rayan.