Qandli diabetni ilk alomatidan oldin aniqlash yo'li topildi

0

Bu uchun dastlab jonivorlarda tajriba o'tkazilgan.Shveysariyaning Jeneva universiteti olimlari qandli diabetni kasallikning ilk belgilari paydo bo'lishidan avval aniqlash imkonini beruvchi molekulani topdi.

Ma'lum qilinishicha, yallig'lanish diabet rivojlanishida asosiy rol o'ynaydi. Jumladan, oshqozon osti bezining yog'ga to'lib qolishi va zararlanishi insulin ishlab chiqaruvchi beta-hujayralar faoliyatini o'zgartiradi hamda ularning kamroq gormon ishlab chiqarishiga sabab bo'ladi.

Qisqa qilib aytganda, beta-hujayralar zararlanishi ushbu kasallikning belgisi hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, tadqiqotchilar sun'iy intellekt va molekulyar biologiya usullari yordamida tajriba o'tkazdi. Bu haqda Sog'liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati bergan xabarida so'z boradi.

Qayd etilishicha, natija minglab molekulalar orasidan aynan oshqozon osti bezi beta hujayralari shikastlanishini eng yaqqol ifodalovchi turini ko'rsatgan. Bu 1,5-angidroglyutsitola (1,5-AGG) molekulasi bo'lib, tanada uning kamayishi beta-hujayralar tanqisligidan dalolat berishi aytiladi.

Dastlab jonivorlarda muvaffaqiyatli o'tkazilgan tajriba navbatdagi bosqichda odamlarda sinab ko'rilgan. Bu jarayonda qandli diabetga chalingan va sog'lom insonlarning 1,5-angidroglyutsitola miqdori solishtirilgan.

“Qandli diabet bilan kasallanganlarda 1,5-AGG darajasi sezilarli miqdorda pasayishiga ishonch hosil qildik. Bu xastalikning dastlabki belgilari boshlanishidan oldin ham kuzatilishi qayd etildi”, — deydi tadqiqot bosh muallifi Sesiliya Ximenes-Sanches.

Ma'lumot o'rnida, mazkur kashfiyot qandli diabet profilaktikasiga doir qulay va arzon usullarni ishlab chiqishga yordam berishi mumkin. Chunki 1,5-AGG darajasini oddiy qon tekshiruvi yordamida osongina aniqlasa bo'ladi.