Bir paytlar bedavo hisoblangan ko'plab xastaliklarning muolaja qilinishi, tug'ma nuqsonlarning sanoqli daqiqalar ichida bartaraf etilayotgani, tanaga tig' tekkizmasdan murakkab operatsiyalar o'tkazilishi — bularning barchasi zamonaviy tibbiyot yutuqlari.
Muhimi, bugun ana shu ilg'or davolash usullari va innovatsion yondashuvlar yurtimiz sog'liqni saqlash tizimiga ham bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda.
Qarang, muddatidan ancha ilgari, 500 gramm va undan yuqoriroq vazn bilan tug'ilgan, hali tana a'zolari to'liq shakllanib ulgurmagan chaqaloqlarning yashab ketish imkoniyati avvallari deyarli 0 foizga teng bo'lgan. Endi esa ana shunday go'daklar hayotini ham saqlab saqlab qolsa bo'ladi.
— JSST tomonidan ishlab chiqilgan mezonlarga ko'ra, agar bola homiladorlikning 22-haftasida dunyoga kelib, vazni 500 gramm va undan ortiq, bo'yi 25 sm. va undan ziyod bo'lsa, u tirik tug'ilgan hisoblanadi, — deydi Sog'liqni saqlash vaziri o'rinbosari Elmira Basitxanova.
— Shunga qaramay, ba'zi mamlakatlarda mazkur mezonlar hanuz tegishliliga ko'ra, 28 hafta, 1000 gramm, 35 sm. sifatida saqlanib qolmoqda. Bizda esa JSST tavsiyalari — amalda. Unga muvofiq, chaqaloq 22 haftadan boshlab tug'ilib, vazni 500 gramm va undan ortiq bo'lsa, FHDYo idoralarida qayd etiladi.
Buning uchun mamlakatimizdagi perinatal xizmat ko'rsatuvchi uchinchi darajali tug'uruq muassasalarida kam vaznli, muddatdan oldin tug'ilgan chaqaloqlarni davolash va parvarishlashga doir ilg'or texnologiyalar joriy etilgan.
Xo'sh, bu qanday natija bermoqda?
– Vazir o'rinbosarining ta'kidlashicha, kam vaznli — 1500 grammgacha bo'lgan chaqaloqlarning yashab qolish darajasi 2015 yilda 25 foizga teng bo'lgan. 2021 yil yakunlariga ko'ra, bu ko'rsatkich 80 foizgacha yetdi.
– Shuningdek, erta tug'ilgan o'ta kam vaznli, ya'ni 500 grammdan 1000 grammgacha bo'lgan go'daklarning yashab qolish darajasi esa 2015 yildagi 14 foizdan 40 foizacha oshdi.
– Shu asnoda bunday chaqaloqlar parvarishi, muolajasi va reabilitatsiyasi bo'yicha yurtimizda milliy tajriba shakllantirildi.
– Shuningdek, 1000 —1500 gramm vaznda tug'ilgan chaqaloqlar hayotini saqlab qolish 50 foizdan 75-80 foizgacha yuqoriladi. O'z navbatida, go'daklar o'limi darajasi 11,4 promilledan 9,3 promillega tushdi.
-Bu — milliy tibbiyotimizda perinatal va neonatal xizmatlar sifati va qamrovi hamda kadrlar salohiyati yil sayin oshib borayotgani dalolatidir.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.