Toshkent shahrini ko'kalamzorlashtirish bo'yicha bosh reja tasdiqlandi

0

«Toshkent shahrini ko'kalamzorlashtirish bo'yicha bosh rejasini tasdiqlash haqida» Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori qabul qilindi.

Unga ko'ra, Toshkent shahrining 2023−2027 yillarga mo'ljallangan ko'kalamzorlashtirish bosh rejasini tasdiqlandi. Qaror bilan bir qator vazifalar belgilanmoqda. Jumladan:

2024 yilga qadar poytaxtni yashillik darajasini 30 foizga yetkazish;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va tuman hokimliklariga atrof-muhitga ta'siri bo'yicha I va II toifaga mansub bo'lgan korxonalarining atmosfera havosini ifloslantiruvchi statsionar manbalarida samaradorligi 95 foizdan past bo'lmagan chang va gazlarni tutib qoluvchi qurilmalarni o'rnatilishini nazorat qilishni yuklatish;
shahar va tumanlar markazlari ko'chalaridagi irrigatsiya tarmoqlarini xatlovdan o'tkazib, tarmoqlarni joriy ta'mirlash va yangilash choralarini ko'rish;
daraxtlarni zararkunanda hasharotlardan saqlab qolish uchun chet ellik mutaxassislarni jalb etish;
2022−2024 yillarda shahardan o'tadigan kanallarning (62 kilometr qismi) qirg'oq bo'ylarini obodonlashtirish, kanallarning qirg'oqlarini mustahkamlash, ko'kalamzorlashtirish va sayilgohlar tashkil etish.
Hujjatda keltirilishicha, obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi tashkilotlar tomonidan yiliga o'rtacha 7 million dona mavsumiy gullar ekilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yiliga 75 ming donadan kam bo'lmagan miqdorda daraxt va buta ko'chatlarini ekish ko'zda tutilgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida mavjud chinor va kayrag'och daraxtlarida aniqlanayotgan po'stloqxo'r zararkunanda hasharotlarni shahar hududlari kesimida aniqlab, zararlangan hududlarni foizlarda belgilash, laboratoriya tahlillarini o'tkazish, daraxtlarni saqlab qolish uchun lozim bo'lgan chet el mutaxassislari jalb etish belgilangan.