Qashqadaryoda 40 nafar fuqaro nomiga ajratilgan kredit mablag'lari talon-toroj qilindi

0

Prokuratura departamentining Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda xo'jalik ta'sischisi va bank xodimi 40 nafar fuqaro nomiga ajratilgan kredit mablag'larini talon-toroj qilgani ma'lum bo'ldi.

 

Qayd etilishicha, o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «Ch.B.» mas'uliyati cheklangan jamiyati va «R.Sh.» dehqon xo'jaligi ta'sischisi J.A. tijorat banki filiali mas'ul shaxslari bilan oldindan til biriktirib, 40 nafar fuqaroning xabardorligisiz ularning nomiga ajratilgan jami 2,1 milliard so'mlik imtiyozli kredit mablag'larini o'zlashtirish yo'li bilan talon-toroj qilgan.

Shu kabi Shahrisabz tuman bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «B.T.» dehqon xo'jaligi rahbari T.B. hududiy tijorat banki filiali boshqaruvchisi o'rinbosari O.T. bilan o'zaro til biriktirib, baliqchilikni rivojlantirish uchun ajratilgan 1 milliard so'm kredit mablag'ini o'zlashtirgan.

Shuningdek, Yakkabog' tumani bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa «X.N.» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Q. bank filialidan ajratilgan 990 million so'm kredit mablag'ini hamda garov ta'minotiga qo'yilgan «Y.E.» MChJga tegishli issiqxona binosining jami 304,3 million so'mlik metall quvurlarini o'zlashtirish yo'li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Departamentning Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «A.A.» fermer xo'jaligi rahbari A.N. tijorat banki filiali mas'ul shaxslari bilan o'zaro til biriktirib, forel baliqlarini yetishtirish uchun intensiv havza tashkil etish maqsadida ajratilgan 1,9 milliard so'm kredit mablag'ini o'zlashtirgani aniqlangan.

Shu bilan birga, Sirdaryo viloyati Guliston shahar bo'limi tomonidan bank filialining murojaatiga asosan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «S.T.» MChJ rahbari Sh.Yu. va boshqalar tijorat banki filialidan olingan 700 million so'm kredit evaziga sotib olingan polietilen granulalarini sotib yuborib, kredit mablag'larini o'zlashtirgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilayotgani ma'lum qilingan.