Ijevskdagi maktab otishmasi qurbonlari soni 17 kishiga yetdi

0

Ijevskdagi maktabdagi otishmada halok bo'lganlar soni 17 kishiga yetdi. Ijevskdagi maktabda yuz bergan otishmada 24 kishi, jumladan, 22 bola jabrlandi, deya xabar bermoqda TASS axborot agentligi.
№88 maktabda halok bo'lganlar va jabrlanganlar haqidagi ma'lumotlarni Udmurtiya hukumati Rossiya Federatsiyasi Tergov qo'mitasiga tayanib berdi.

Avvalroq 13 kishi halok bo'lgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat Ichki ishlar boqarmasi matbuot xizmati ham o'q uzgan shaxsning jasadi topilgani, u o'z joniga qasd qilgani haqida xabar berdi.

«O't ochgan erkakning jasadi politsiya tomonidan topildi. Ma'lumotlarga ko'ra, u o'z joniga qasd qilgan», – deyiladi matbuot xizmati xabarida. Tergov qo'mitasi bu ma'lumotni tasdiqladi.

Erkakning shaxsi aniqlangan, u 34 yoshli mahalliy fuqaro, №88 maktab bitiruvchisi.

Maktab Ijevsk markazida shahar ma'muriyati binosi yonida joylashgan. Hozir bu yerda 982 nafar maktab o'quvchisi tahsil olmoqda, 80 nafar o'qituvchi mehnat qilmoqda.

TASS xabariga ko'ra, Udmurtiyada Ijevskdagi maktabda yuz bergan otishmadan so'ng, 26-29 sentyabr kunlari qurbonlar xotirasiga motam e'lon qilingan.

Eslatib o'tamiz, avvalroq O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning Ijevsk shahridagi maktabda sodir bo'lgan otishma oqibatida insonlar qurbon bo'lgani munosabati bilan Prezident Vladimir Putinga ta'ziya yo'llagan edi.

Davlat rahbari halok bo'lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohatlanganlar tez fursatda shifo topishini tilagan.