Senator xotin-qizlar hunarmandchilik klasteri faoliyatini o'rgandi

0

“Namangan hunarmand ayollar klasteri” MChJ 2021 yil 10 iyun kuni davlat ro'yxatidan o'tkazilgan. Klasterga Rustamjon Mahmudov rahbarlik qiladi. Klasterning faoliyat yo'nalishi qo'lda ipak toladan gilam va kashta to'qish, yodgorlik sandiqchalarini tayyorlashga qaratilgan.


Klaster uchun Namangan shahridan yer ajratilgan va tadbirkor hisobidan 6 qavatli ishlab chiqarish markazi qurilmoqda. Bu bino shu yil oxirigacha ishga tushadi.
O'rganishda klasterga bo'sh turgan bino ajratilmagani ma'lum bo'ldi. Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo'mitasi raisi o'rinbosari Mahmudjon Parpiyev aralashuvi va Chortoq tumani hokimi Anvarjon Otaxo'jayev yordami bilan klasterning tuman filiali uchun “Gulshan” MFYda bo'sh turgan bino ajratilib, hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.


Klasterga 2021 yil noyabr-dekabr oylarida xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasidan 250 mln so'm ajratilgan. Ushbu mablag' tabiiy ipakka, akril ipi, tikuv mashinalari va MDF mahsulotlarini tayyorlash uskunalariga sarflangan. 2022 yil iyul-avgust oylarida 200 mln so'mlik mahsulot tayyorlangan. Rejalashtirilgan ish o'rinlari to'liq yaratilmagan. Klasterga jalb qilingan ishsiz xotin-qizlarning aksariyati (ular 30 nafarga yaqin) gilam to'qish va kashta tikishni biladi. Kasb-hunarga o'rgatish ustoz-shogird an'anasi asosida tashkil etilmoqda.
Mahsulotlarni tayyorlash uchun ko'p vaqt ketadi. Misol uchun, 1 ta gilam 6 oydan 1 yilgacha vaqt mobaynida tayyorlanadi. 2022-2023 yillarda reja bo'yicha 60 ta doimiy ishchi o'rni yaratilishi ko'zda tutilgan. Bu juda kam. 2022 yil sentyabr oyidan boshlab savdo aylanmasi boshlanadi. 250 mln so'm berilsa, Xitoydan tabiiy ipak va ip mahsulotlarini qayta ishlaydigan uskunalar olib kelish imkoni yuzaga keladi.
Masala senator tashabbusi bilan 2022 yil 22 sentyabr kuni viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda shahar va tumanlar bo'limlari rahbarlari ishtirokida muhokama qilindi. Tanqidiy-tahliliy o'tgan muhokamada klaster faoliyatini yo'lga qo'yish va hududlardagi hunarmand xotin-qizlarni klasterga jalb etish bo'yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi va masala nazoratga olindi.