AQSh elchixonasi amerikaliklarni zudlik bilan Rossiyani tark etishga chaqirdi

0

AQShning Moskvadagi elchixonasi Rossiyadagi vatandoshlariga murojaat qilib, zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirdi, deb xabar bermoqda «Kommersant'».

Diplomatik vakolatxona ma'lum qilishicha, Rossiyada e'lon qilingan qisman safarbarlik tufayli, qo'sh fuqarolikka ega odamlar armiyaga chaqirilishi mumkin.

«AQSh fuqarolari Rossiyaga bormasligi kerak, Rossiyada yashayotganlar yoki sayohat qilayotgan esa zudlik bilan mamlakatdan ketishi kerak, hozircha tijorat safarlari uchun cheklangan imkoniyatlar mavjud bo'lib turibdi», — deyiladi elchixona xabarida.

AQSh elchixonasi aniqlik kiritishicha, idoraning Amerika fuqarolariga yordam ko'rsatish bo'yicha imkoniyatlari juda cheklangan, «sharoitlar, shu jumladan, transport imkoniyatlari esa kutilmaganda yanada cheklanib qolishi mumkin».

«Agar siz Rossiyadan ketmoqchi bo'lsangiz, iloji boricha tezroq mustaqil choralar ko'rishingiz lozim», — deyiladi elchixona xabarida.

Avvalroq Estoniya, Polsha va Bolgariya Tashqi ishlar vazirliklari o'z fuqarolaridan Rossiya hududini tark etishni so'rab bayonotlar tarqatgan edi.

Avgust oxirida AQSh Davlat departamenti va Kiyevdagi elchixonasi Ukraina hududida bo'lib turgan Amerika fuqarolarini zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirgan edi.

Yil boshidan beri AQSh elchixonasi bir necha bor o'z fuqarolarini Ukrainani, shuningdek, Rossiyani tark etishga chaqirdi. Mart oyi boshida e'lon qilingan tavsiyalarida elchixona Rossiyada qolishning ishonchsizligi sabablari qatorida Ukrainadagi voqealar, havo qatnovi bilan bog'liq muammolar, Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan AQSh fuqarolariga hujum qilish xavfi va teraktlar ehtimolini tilga olgan. Avval, yanvar oyi o'rtalarida AQSh Davlat departamenti diplomatlar va ularning oila a'zolari Ukrainadan evakuatsiya qilinishini e'lon qilgan edi.

Rossiyada prezident Vladimir Putinning farmoni bilan 21 sentyabrdan qisman safarbarlik e'lon qilindi. U o'z murojaatida, shuningdek, mamlakat hududiy yaxlitligiga nisbatan xavf tug'ilgan taqdirda, barcha himoya vositalarini qo'llashga va'da berdi. AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning xatti-harakatlarini «BMT ustavining jiddiy buzilishi» deb atadi.