Toshkentda fuqaro qalbaki 1 200 dollarga “Iphone 13” xarid qildi

0

“OLX” sayti orqali “Iphone 13” xarid qilib olgan ayol fuqaroni 1 200 AQSh dollariga chuv tushirib ketdi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament bu haqda xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Mirzo Ulug'bek tuman bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro X.K. “OLX” sayti orqali notanish xaridor ayol bilan o'zining “Iphone 13” rusumli uyali aloqa vositasini 1 200 AQSh dollariga sotishga kelishib, tumandagi “Evos” kafesi oldida uchrashgan paytida, xaridor ayol unga uyali aloqa vositasi uchun 12 dona 100 AQSh dollarlik qalbaki kupyuralarni berib ketgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog'ozlar yasash, ularni o'tkazish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda.

Shu o'rinda, Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti fuqarolarga murojaat qilmoqda.

«Hurmatli fuqarolar, qalbakiligini bilmagani holda qalbaki valyuta qimmatliklarini olib, uni keyinchalik o'tkazgan shaxsning qilmishi ham jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Shu bois, o'zaro hisob-kitoblarni O'zbekiston Respublikasi hududida qonuniy to'lov vositasi hisoblangan milliy valyutada amalga oshirish orqali o'zingizni noqonuniy harakatlardan asragan bo'lasiz»,-deyiladi unda.