JSST: Dorilarga chidamli infeksiyalar yiliga 10 million kishining hayotiga zomin bo'lishi mumkin

0

Yer yuzida yangi infeksiyalar paydo bo'lyapti. Eng yomoni, ularning dorilarga chidamli turlari ko'paymoqda. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko'ra, bu holat dunyo aholisi salomatligiga tahdid solayotgan 10 ta asosiy xavf omilidan biridir.
Joriy yil 18-24 noyabr kunlari sayyoramizda “Butunjahon mikroblarga qarshi kurash haftaligi” deb e'lon qilinishining boisi shunda.

Aslida xavotirlar asosli. Virus va bakteriyalarning chidamliligi, ya'ni tibbiy preparatlarga “chap berish” xususiyati ortishi bemorlarni davolashni yanada qiyinlashtirmoqda. O'z navbatida, kasallikning tarqalishi uchun qulay muhit yuzaga kelyapti.

Tadqiqotchi va ekspertlar xulosasiga ko'ra, agar antibiotiklardan foydalanish bo'yicha amaldagi strategiya o'zgarmasa, 2050 yilga kelib, infeksiyalarning chidamliligi ortishi oqibatida hayotdan ko'z yumadigan bemorlar soni yiliga 10 million nafarga yetishi mumkin.

Hozir bu ko'rsatkich 5 million nafarni tashkil etayotganini hisobga olsak, zamonaviy tibbiyot bu borada tezkor va samarali yechimlarga muhtoj ekanligi yana bir bor oydinlashadi.

Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, koronavirus pandemiyasi davrida turli vahima va xavotirlar ortidan antibakterial preparatlar haddan ziyod ko'p qo'llanildi. Oqibatda infeksiyalarning dorilarga chidamlilik xususiyati yanada ortishi kuzatildi.