Qarz shartnomasi nima?

0

Qarz shartnomasi hali kishilik jamiyatidagi ijtimoiy, iqti­sodiy va huquqiy munosabatlar u qadar rivojlanmagan paytlardayoq, muayyan muddatga moddiy ashyolarni qaytarish sharti bilan berib turish tarzida shakllangan edi. Qarz shartnomasining dastlabki huquqiy belgilari qadimgi Rimda yaratildi. Pul ixtiro qilinishi bilan qarz shartnomasi o'zining hozirgi ko'rinishini olgan. Endi­likda qarz deganda, muayyan muddatga qaytarish sharti bilan pul berib turish tushuniladi. Shu tariqa qarz berishga nafaqat, o'zaro yordam va ishonchning turi, balki foyda ko'rish vositasi sifatida ham qarala boshlandi.

O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 732-moddasida, qarz shartnomasi va uning tushunchasi normalangan bo'lib qarz shartnomasi ham majburiyatning bir turib bo'lib fuqarolik muomalasida keng tarqalgan huquqiy institutlardan biri hisoblanadi. Qarz shartnomasi mulk huquqini  bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o'tadigan shartnomalar turkumiga kiradi va o'zining tuzilishi jixatidan boshqa bitimlardan o'ziga xosligi bilan ajralib turadi.

Qarz shartnomasi deb shunday shartnomaga aytiladiki, bunga asosan bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi. Qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yo'la yoki bo'lib-bo'lib, o'shancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga barovar ashyolarni qaytarib berish majburiyatini oladi. Shartnomaning ta'rifidan ma'lum bo'ladiki, pul mablag'i yoki ashyo bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o'tib huquq va burchlarni vujudga keltiradi.

Qarzni qaytarmaslik musulmon huquqida og'ir gunohlardan biri hisoblanadi.

Hozirda fuqarolar o'rtasida tijoratni yo'lga qo'yish va rivojlantirish uchun qarz oldi-berdisi ham amalga oshirilib kelmoqda. Qarzning bu turi oddiy qarz emas, balki qarz kapitali sifatida talqin qilinishi lozim bo'ladi. Chunki qarzga olingan pul vositasida yoki mahsulot (tovar)  ishlab chiqariladi yoki qo'shimcha pul mablag'i orttiriladi. Pul egasi uchun qarz oluvchi pulni qanday ishlatishining hech bir ahamiyati yo'q, u qarz haqini (foizlarni) olsa bo'ldi.

Qarz shartnomasi fuqarolar o'rtasida agar bu qarzning summasi eng kam ish haqining o'n barovaridan ortiq bo'lsa, oddiy yozma shaklida tuzilishi, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo'lganida esa, qarz summasidan qat'i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart bo'lib, mazkur turdagi shartnomalar notarial idoralar tomonidan rasmiylashtiriladi.

Qarz shartnomasining oddiy yozma shakliga amal qilmaslik shartnomaning haqiqiy emasligiga olib keladi. Ya'ni qarzga oluvchi shartnoma shartlarini bajarmay, qarz summasini qaytarishdan bosh tortgan taqdirda, tegishli sud idoralariga da'vo ariza bilan murojaat qilish huquqidan mahrum etilishiga olib kelishini tushunish lozim.

Inson hayotida qarz oldi-berdisi eng ahamiyatli masalalardan biri hisoblanadi. Har qanday inson hayotda yashar ekan, qarz oldi-berdisini boshidan kechirmay iloji yo'q.

Biz yuqorida qarz shartnomasining pul yoki ashyoni bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o'tishi natijasida vujudga kelishini va huquq va burchlarini paydo qilishini aytib o'tdik. Fuqarolik qonunchiligida shunday bir qoida borki,  unga ko'ra taraflarning kelishuviga muvofiq, oldi-sotdi, mulkni ijaraga olish yoki boshqa asoslar tufayli paydo bo'lgan har qanday qarz qarz majburiyati bilan almashtirilishi mumkin.

O'zbekiston Respublikasining fuqarolik kodeksiga ko'ra qarz shartnomasining o'zgartirilishi va bekor qilinishi shartnomalarni o'zgartirish va bekor qilish bo'yicha berilgan normalar asosida amalga oshiriladi. Ya'ni qarz shartnomasi ham taraflarning o'zaro kelishuviga ko'ra va sud tartibida o'zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

B.Mustafayev,

Fuqarolik ishlari bo'yicha Denov tumanlararo sudi sudyasi