Haydovchi IIB xodimi boshqaruvidagi mashinani urib qochdi

0

Buxoroda Cobalt haydovchisi IIB xodimlari tomonidan yo'li to'silishiga qaramasdan, yo'lini to'sgan boshqa bir Cobalt’ni urib qochgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Viloyat IIB matbuot xizmati voqea tavsilotlarini e'lon qildi.
Unda aytilishicha, 28 noyabr kuni soat 13:00 larda Qorako'l tuman IIB JXX XPB profilaktika inspektori o'z boshqaruvida bo'lgan Cobalt’da tuman markaziy shifoxonasidan xizmat hududi «Paxtakor» mahallasi tomonga harakatlanib borayotganida, tuman markaziy Dehqon bozori ro'parasida uning avtomashinasi orqasidan yon oynalari qoraytirilgan, davlat raqam belgisiz, qora Cobalt kelib urilgan.

Shundan so'ng, profilaktika inspektori avtomashinadan tushib, Cobalt haydovchisiga to'xtash ishorasini qilgan vaqtda, uning haydovchisi IIB xodimining qonuniy talabiga bo'ysunmasdan, inspektor boshqaruvidagi Cobalt’ning old qismiga shikast yetkazib, voqea joyidan noma'lum tomonga qochib ketgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv-surishtiruv harakatlari davomida ushbu mashina haydovchisi 1989 yilda tug'ilgan J.M. ekani, avtomashinani Buxoro viloyati Olot tumani «Nurobod» mahallasida tashlab qochib ketgani aniqlangan.

Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan holda avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Foto: Buxoro viloyati IIB matbuot xizmati
Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi hamda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.