Voyaga yetmagan piyodani urib yuborgan Cobalt voqea joyidan «quyon» bo'ldi

0

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida Cobalt haydovchisi piyodani urib yuborib, voqea joyidan qochib ketdi.

Qayd etilishicha, 5 dekabr kuni soat 20:00 larda shaharning «Nasaf» ko'chasida joylashgan «Original» super marketi ro'parasidagi yo'lning piyodalar o'tish yo'lagidan o'tayotgan voyaga yetmagan X.D.ni Cobalt avtomobili urib ketgan. Haydovchi jabrlanuvchining hayoti va sog'liqini xavf ostida qoldirib, unga yordam ko'rsatmasdan voqea joyidan yashiringan.

Oqibatda X.D. tan jarohati olib, shifoxonaning jonlantirish bo'limiga yotqizilgan. Ma'lumotlarga ko'ra, oq rangli ushbu avtomobilning davlat raqami belgilari bo'lmagan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo'limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi va 117-moddasi (Xavf ostida qoldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Holat yuzasidan viloyat miqyosida avtomashinani qidirib topish bo'yicha ishlar tashkillashtirilgan.

«Hurmatli fuqarolar! Agarda sizda yuqoridagi YTH bilan bog'liq ma'lumot bo'lsa, ichki ishlar organlarining 102 qisqa telefon raqamiga yoki yaqin oradagi ichki ishlar bo'limlariga xabar berishlaringiz so'raladi. Ma'lumot bergan fuqaroning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi», deyiladi xabarda.