Bugun, 30 yanvar kuni soat 08:20 larda Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani “Chorvoq” qo'rg'onidagi 2 qavatli uyning xonadonlaridan birida gaz-havo aralashmasining chaqnash sodir bo'lgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Ma'lum bo'lishicha, yuzaga kelgan kinetik zarba natijasida xonadon devor va shiftiga shikast yetgan.
Voqea joyiga zudlik bilan tuman FV bo'limi qutqaruvchilari yetib borgan. Chaqnash oqibatida 4 nafar fuqarolar turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Hodisa joyiga viloyat FVB rahbariyati, IIB, SSB, prokuratura hamda “Hududgazta'minoti” hodimlari chiqishgan.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Andijon va Nukusdagi ko'p qavatli uyda gaz portlagani haqida xabar bergan edik. Qoraqalpog'istonda portlagan uyda 5 nafar fuqaro vafot etgani hamda bitta bola qutqarib olingani aytilgandi.