Fransiyada homilador ayol tezyurar poezdda ko'zi yoridi

0

Deutsche Bahn kompaniyasiga tegishli tezyurar poezdda Parijdan Strasburgga borayotgan homilador ayolni to'satdan to'lg'oq tutdi.

Ayol yo'lovchilarga xizmat ko'rsatadigan xodimni ogohlantirgach, poezd Fransiya sharqidagi Luvini shahri vokzalida to'xtashga majbur bo'ladi. Bu yerda tibbiyot xodimlari poezdga chiqqani, bola ularning yordamida tug'ilgani aytilmoqda.

Bu vaqtda poezd 80 daqiqadan ko'proq vaqt davomida to'xtab turgan. Ayol o'g'il farzand ko'rgan. Shundan so'ng ona va uning o'g'li eng yaqin shifoxonaga olib ketilgan.

Mahalliy OAVga ko'ra, chaqaloqqa Feliks deb ism qo'yilgan, u muddatidan biroz oldinroq dunyoga kelgan. Xabarlarga ko'ra, ayni paytda ona ham, bola ham o'zini yaxshi his qilmoqda.

Fransuz jamoat transporti xizmatlarida shakllangan an'anaga ko'ra, yo'lda tug'ilgan bolalarga sovg'a beriladi. 2018 yili Parijdagi ekspress-metroda tug'ilgan bolaga to voyaga yetgunicha yo'nalishda bepul harakatlanish huquqini beruvchi chipta taqdim etilgan.

The Republicain Lorrain nashri jamoatchilik nemis operatori – Deutsche Bahn ham shunday chipta berishi yoki bermasligi bilan qiziqayotgani haqida yozgan.