Pirimqul Qodirov qalamiga mansub «Yulduzli tunlar» romani ingliz tiliga tarjima qilindi

0

O'zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov qalamiga mansub «Yulduzli tunlar» romani ingliz tiliga tarjima qilinib, Fransiyaning «Nouveau Monde Editions» nashriyotida chop etildi. Buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga bag'ishlangan tarixiy asar tarjimasi Islom Karimov fondi loyihasi doirasida amalga oshirilgan.
Fond xabariga ko'ra, romanni britaniyalik adabiyotshunos Kerol Yermakova ingliz tiliga o'girgan. O'zbekiston xalq rassomi Bobur Ismoilov nashr uchun suratlar ishlagan. «Babur: Starry Nights» Islom Karimov fondining 6 yillik faoliyati davomida amalga oshirgan o'n oltinchi noshirlik loyihasi ekani xabar qilingan.

«Asarning inglizcha nashri keng xalqaro auditoriyani o'lkamizning buyuk allomalari kechmishiga oshno etib, Sharqning tarixiy va madaniy rishtalarini o'rganish hamda chuqur anglashga ilhomlantiradi degan umiddamiz», – deydi Fond Vasiylik kengashi raisi Lola Karimova-Tillayeva.

Tarixiy romanchilikda maktab yaratgan adib Pirimqul Qodirov «Yulduzli tunlar»ni 1972 yilda yozib tugatgan. Ammo asar sho'ro mafkurachilari tazyiqi bois chop etilmagan. Avvalroq «Xabar.uz» e'lon qilgan intervyuda ham P.Qodirov «Yulduzli tunlar» yozilganidan keyin olti yilgacha taqiq va ta'qib sabab bosilmay yotgani haqida hikoya qilgan edi.

Keyinroq ko'p ming adadda nashr qilingan roman muallifga ulkan shuhrat keltirdi. O'shandan beri «Yulduzli tunlar» o'zbek va rus tillarida qayta-qayta nashr etildi. Bundan tashqari, roman hind, yapon, urdu, turk, qozoq, uyg'ur, turkman kabi tillarga tarjima qilingan.