Avstriya to'rt nafar rossiyalik diplomatni «maqomiga to'g'ri kelmaydigan xatti-harakatlari» uchun mamlakatdan chiqarib yuboradi”, — deyiladi mamlakat tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Reuters ta'kidlaganidek, diplomatik missiyalarni josuslikda ayblashda bu ibora ko'pincha qo'llaniladi.
«Persona non grata» deb e'lon qilingan to'rt nafar diplomatdan ikki nafari Rossiyaning Avstriyadagi elchixonasida, yana ikki nafari Rossiyaning Venadagi BMTdagi vakolatxonasida ishlaydi, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ular 8 fevralgacha mamlakatni tark etishlari kerak.
Urushdan oldin Moskva bilan yaqin munosabatlarga ega bo'lgan neytral Avstriya uchun diplomatlarning chiqarib yuborilishi odatiy hol emas, deb yozadi AFP.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Avstriya rasmiylarining bayonotiga hozircha munosabat bildirmadi.
Avvalroq Bellingcat tergov guruhi rahbari (loyiha Rossiyada ham «xorijiy agent», ham «nomaqbul tashkilot» deb e'lon qilingan) Xristo Grozev xavfsizlikka tahdid tufayli Avstriyani tark etmoqchiligi ma'lum bo'lgan edi.
Grozev avstriyalik jurnalistlarga bergan intervyusida: «Shaharda politsiyachilardan ko'ra ko'proq rossiyalik agentlar, informatorlar va yordamchilar borligiga shubha qilaman» (Moscow Times iqtibos keltirgan).