Dorixonada beriladigan tovar va kassa cheki nima uchun kerak?

0

Muzaffar Rajabov,
Toshkent viloyati soliq boshqarmasi mutaxassisi:

«Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to'g'risida»gi nizomda (https://lex.uz/docs/3155768), dorixonada dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan birga sotib oluvchiga:

identifikatsiya ma'lumotlari (nomi, dozasi, qadoqlash, miqdori),
dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarining nomi, ularni beruvchi shaxsga oid ma'lumotlar,
berish sanasi va narxi ko'rsatilgan tovar cheki taqdim etilishi belgilangan.

Xarid uchun chek berish majburiymi?

Yurtimizda 2020 yilning yanvar oyidan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarga o'tish jarayoni boshlandi.

Dorixonalarda har bir xarid QR kodli chek berish bilan birga amalga oshirilishi lozim. Bunday cheklar qonuniy faoliyatdan guvohlik beradi. Ular faqat onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalar orqali beriladi.

Ma'lumot o'rnida, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga (https://lex.uz/docs/4502381) muvofiq:

to'lov terminali orqali qabul qilingan to'lovlar uchun xaridorlarga terminal cheki bilan birga onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart;

xarid chekida tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, qo'shilgan qiymat solig'i stavkasi, shuningdek QR kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi. Ushbu ma'lumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi.

O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 221-moddasiga ko'ra (https://lex.uz/docs/4674902#4681461):

Nazorat-kassa texnikasining va (yoki) hisob-kitob terminallarining qo'llanilishi majburiy bo'lgani holda, ularni qo'llamasdan savdo qilish va xizmat ko'rsatish, chek bermaslik, to'lovni hisob-kitob terminali orqali qabul qilishni rad etish besh million so'm miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi.

Hurmatli iste'molchilar.

Agar dorixonada tovar cheki birishni rad etish holatiga duch kelsangiz, shuningdek Sizga QR kodli chek berilmasa va plastik karta orqali xarid qilganingizda narx oshirilsa, Coliq qo'mitasining (71) 244-98-98 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.

Tovar cheklarining ahamiyatli tomoni shundaki, agar iste'molchida dori vositasining narxi oshirilganligi xususida shubha yuzaga kelsa, uni aniqlash tovar cheklari orqali amalga oshiriladi.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati