Interpolning Toshkent va Abu-Dabidagi Milliy markaziy byurolari (MMB) hamkorligida xalqaro qidiruvda bo'lgan jinoyatchining deportatsiya masalasi hal qilindi.
Ma'lum bo'lishicha, hamkorlikdagi tezkor-qidiruv harakatlar hamda o'zaro axborot almashinuvi, ikki davlat Interpol MMBlari rahbarlarining qidiruvni faollashtirish bo'yicha xalqaro konferensiya doirasidagi muzokaralari tufayli odam savdosi bilan shug'ullanib kelgan va xalqaro qidiruvda bo'lgan jinoyatchi ayolning deportatsiyasi amalga oshirilgan.
Aniqlanishicha, u onasi va singlisi tomonidan izlangan, tergovda shaxsini aniqlashning imkoni bo'lmagan shaxslar bilan avvaldan til biriktirib, ayollarni noqonuniy yo'llar bilan fohishalik bilan shug'ullanish uchun Birlashgan Arab Amirliklariga jo'natish bo'yicha uyushgan jinoiy guruh tuzgan. Jabrlanuvchilarni oilasi bilan ajrashgan va moddiy qiyinchilikka duch kelgan ayollar orasidan topgan. Shu tariqa, uchinchi davlatlar orqali BAAga olib chiqib, jabrlanuvchilarga yaxshi ish va'da qilingan, biroq Dubayga yetib kelgandan so'ng ularning pasportini olib qo'yib, fohishalik bilan shug'ullanishga jo'natib kelishgan.
Shu tariqa, Interpolning Toshkent va Abu-Dabidagi MMBlari o'rtasida o'tkazilgan kelishilgan harakatlar natijasida jinoyatchi hibsga olingandan so'ng, O'zbekiston huquq-tartibot idoralariga topshirish uchun deportatsiya qilish to'g'risida qaror qabul qilingan.