O'zbek «brend»i

0

Vaqtning uchqurligini qarang, poytaxtdagi “Markaziy universal magazin”(MUM)ga kirmaganimga ham chorak asrdan oshibdi. Yaqinda yo'lim o'sha tomonga tushdi. Ochig'i, bunchalik chuqur taassurot olaman, deb sira o'ylamagandim. Turfa mollar bilan to'la qatorlarni aylanar ekanman, chorak asrlik “jo'shqin rivojlanishimiz” ko'z oldimdan xuddi kino tasmasi misol o'tgandek bo'ldi. Olis xotiralar qayta uyg'ondi.

Talabalik davrimiz, 90-yillarning boshida xorijdan turli xil mollar keltirish endigina boshlangandi. O'shanda videomagnitofon bizning nazarimizda juda katta boylik sanalardi. Ba'zan chet elning antiqa matohlarini  ko'rish uchun MUMga kirardik. Biz, talabalar uchun Yaponiyaning mashhur kompaniyalarida ishlab chiqarilgan maishiy buyumlar, “Sony”, “Panasonik”, “Sharp”, “Aywa” kabi texnika mo''jizalarini tomosha qilish juda zavqli tuyulardi. Ularni faqat tomosha qilardik, chunki narxlar “ko'zni tindirar” darajada qimmat bo'lardi.

“Mana, yurtimiz mustaqil bo'ldi. Dunyoga yo'llar ochilyapti. Hademay mana shularga o'xshagan o'z mahsulotlarimiz birin-ketin chiqa boshlaydi, o'shanda narxlar ham arzon bo'ladi”, deya samimiy orzu qilardik. Bu orzular judayam xomxayol emas, chunki poytaxtning o'zida bir qancha ulkan korxonalar ishlab turardi. Demak, yurtimizda texnik taraqqiyotni “noldan boshlash” shart emas, mavjud ishlab chiqarish bazasi biroz rivojlantirilsa bas, deya soddagina fikr yuritardik. Ilmiy-texnik salohiyat ham shunga yarasha edi – oliy o'quv yurtlarimizda Osiyo va Afrikadan kelgan ko'plab xorijiy talabalar tahsil olishardi…

O'sha kunlar o'tganiga ham o'ttiz yildan oshdi. Biz havas qilgan “videoikkilik”, “musiqa markazi” kabi xorij matohlari allaqachon urfdan qoldi. MUMning shinam peshtaxtalari esa hanuz chet ellarda ishlab chiqarilgan eng zamonaviy mahsulotlar bilan to'la.

Bu gal ham ularni havas bilan tomosha qildim-u, lekin negadir avvalgidek zavq hissini tuymadim. “O'zimizning mahsulotlar qani? Qachongacha xorijdan mol tashiymiz? Mayli, zamonaviy yuksak texnologiyalar – o'z yo'liga. Ammo, nahotki mana shular kabi oddiy matohlarni ham o'zimizda yasay olmasak?” degan qaysar savollar tug'ildi.

Tasavvur qiling, vazifasi bor-yo'g'i o't yoqishdan iborat matoh (biz “yondirgalka” derdik) ham besh, o'n… million so'm bo'ladimi?!

– Axir, bu “Zippo” firmasining mahsuloti, – dedi hamrohim bilag'onlik qilib. – Amerika kovboylarini ko'rganmisiz? O'shalar ishlatadi, buni…

– Tilladan yasalganmi? Bitta gugurt cho'pi bilan ham o't yoqsa bo'ladi-ku?

– Tilla emas, ammo bu “toza mol”. Original. Buning o'zidan ko'ra, “Zippo” firmasining dovrug'i, obro'si qimmat turadi. Buni “brend” deydilar…

Zamonaviy texnologiyalar katta mablag' evaziga yaratilishini bilamiz. Ammo oddiygina buyumlar nega bunchalik qimmat? Buning siri nimada? Do'stimning gapi rost, haqiqatan ham, tovarning o'zi qimmat turmas. Sifat, Tajriba, Ishonch, Qadr, Mehr, Faxr-g'urur kabi ijobiy ta'rif-tavsiflar jamlanmasi (brend) yuksak baholanadi! Bular – dunyoda e'tirof qozongan tovarlar sanaladi.

“Brend” mollar juda ko'p. “Casio”, “Versace”, “Balmain”, “Calvin Klein”,  “Baume & Mercier”, “Sviss Militari” qo'l soatlari. Narxlari bir necha o'n million so'm, hatto undan ham qimmat turadi. Mittigina “Michael kors” soatining 40 foiz arzonlashtirilgan narxi – 16 million so'm! Bular ham tilladan yasalmagan, do'stim aytmish, shunchaki brend. Ayniqsa, “Rolex”, “Tissot” kabi soatlar dunyoga mashhur, ular o'z egasining hayotda katta nufuz va muvaffaqiyatga erishganidan darak beradi.

“Buyuklik – soddalikdadir”, degan gap bor. Narxi o'n million so'mlik oddiygina siyohli ruchkani ko'rib, negadir shu ibora esga tushadi. Bor-yo'q “hunari” yozish bo'lgan matohning narxi shuncha tursa-ya. Bu ham “brend” sharofati.

“Brend”larning ta'rifu-tavsiflari hayratomuz. Masalan, “maksimal narx – maksimal sifat” – “Rolex” kompaniyasining shiori. Sifat bo'lganida ham qandoq – ular o'z mahsulotiga… umrbod kafolat beradi!

Mana, Shveysariyaning mashhur “Victorinox” va “Wenger” yig'ma pichoqlari! Ochig'i, har gal shu narsalarni ko'rsam, kulgim qistaydi. “Yasaganing “Zulfiqor” qilichi emas, oddiy bir pichoqcha-yu, shunga “otni kallasidek” narx qo'yganlaring nimasi?!”, deging keladi. Bunday yig'ma pichoqchalar bizda qalamtarosh, chopqi, korcha deb ham ataladi. Narxi unchalik qimmat turmaydi. Lekin nemislarning mashhur “Victorinox” harbiy pichog'i (armeyskiy noj) – millionlar bilan baholanadi! O'zi, kaftga bemalol sig'adigan bir parcha temir buyum. “Vikipediya” virtual qomusida bu pichoq go'yo Damashq po'latidan ishlangandek ta'riflangan. Xalqaro “National Geographic” telekanalida “Victorinox” pichoqlari qanday yasalishi haqida qiziqarli filmlar mavjud. Beixtiyor qoyil, deysiz. Bundan tashqari, “Victorinox”da soat, yo'l qopchig'i (sumka), hamyonlar, turli g'iloflar, soyabon, oshxona-ro'zg'or buyumlari kabi buyumlar ham ishlab chiqariladi. Sodda va oddiyginaku-ya, lekin narxlari judayam baland, mil-mil!

Oyna ortidagi turfa xil “toza” mollar go'yo: “meni ustasi farang yasagan, tartibli yapon o'ylab topgan, ishi pishiq nemis yasagan…” deyayotgandek yiltirab, havasli nigohlarni o'ziga tortib turibdi…

– Mana shu qo'l soatini sotib olishim uchun naq bir yil yemay-ichmay maoshni jamg'arishim, qozonni suvga tashlashim kerak ekan! – deydi bir do'stimiz soddalik bilan.

– Shu sizga shartmi, vaqtni qo'l telefoniga qarab aniqlasangiz ham bo'ladi-ku, – deymiz unga hazillashib.

To'g'ri-da! Sirasini aytganda, olovni oddiy gugurt bilan yoqish, sabzini “Victorinox” bilan emas, Chust yoki Shahrixon pichoqlarida to'g'rash ham mumkin. “Ko'rpaga qarab oyoq uzatish” degan ibora bejiz aytilmagan. Shunday bo'lsa-da, bahosi bir-ikkita avtomobil narxiga teng soatlarni ko'rib, o'ylanib qolasan, kishi. Tirikchilik uchun o'ta zarur matoh emasku-ya, ammo shularga ham bizda talab bor-da! Har holda, bu “o'yinchoq”larni chet ellik sayyohlar xarid qilishmas, axir, o'sha yoqdan keltirilgan matohlarning ularga qizig'i bormi?

Pul bo'lsa, changalda sho'rva, deydilar. Bizning sharoitda “brend” xarid qilish, ta'bir joiz bo'lsa, “o'z qadrini yuksak tutish”, “do'ppisi yerga tushsa, pul berib ko'tartirish” va hatto, “obro'-e'tiborni pulga sotib olish”ning o'ziga xos bir ko'rinishiga o'xshaydi. Ro'zg'orda o'ta muhim bo'lmagan shu kabi “mayda-chuyda” narsalar uchun katta mablag'ni ayamaydigan hamyurtlarimiz oz emas. Haloli bo'lsin! Ularning orzu-havas uchun sarflayotgan pullarini taftish qilish fikridan yiroqmiz. Hozirgi sharoitda shuncha pulni halol ishlab topishning o'zi bo'ladimi?

Qaytishda “MUM taassurotlari” asosidagi suhbatimiz qo'r oldi. Savol o'sha – “nega o'z mahsulotlarimiz, “brend”larimiz ko'rinmaydi?!

“O'zbek mardum “bosh qotirib”, yangiliklar ixtiro qilishdan ko'ra, tayyor andozalardan foydalanish, savdo-sotiqdan foyda olishni ko'proq xush ko'radi”, deydi bir do'stimiz. So'ngra bu “falsafa”sini asoslashga urinadi: “O'tgan yillar ichida respublikamiz iqtisodiyotini shakllantiruvchi va byudjet daromadlarining katta qismini berayotgan zavod va fabrikalar faoliyati asta-sekin to'xtadi. Bir paytlar minglab odamlar ishlagan “Foton”, “Algoritm”, “RET”, “Zenit”, “Mikond”, “TAPOiCh” singari korxonalar esingdami? Balki “kepak narxida” xususiylashtirilgandir, ammo bu asosiysi emas. Negadir ular faoliyatini yangilash, zamonaviylashtirish, modernizatsiya qilish, yangi mahsulot chiqarish… kabi harakatlar o'shanda yuz bermadi. Oqibatda fuqarolarimiz ish axtarib, respublikadan tashqariga mardikorlikka chiqib ketishdi…”

Nima ham derdik, do'stimizning fikri mantiqdan xoli emas. Bugun yurtimiz shaharlarida katta-katta savdo markazlari ishlab turibdi. Ularning oldida burungi dovruqli “MUM” do'koni anchayin ixcham bo'lib qoldi. Afsuski, bu “texnopark”lar asosan xorijda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan to'la. 2000-yillarning o'rtalarida yurtimizda ichki ishlab chiqarishni rag'batlantirish, importni kamaytirib, eksport ulushini oshirish maqsadida mashhur “154-sonli qaror” chiqqan edi. Uning sharofati ila innovatsiyalar joriy etilib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga o'tilishi kerak edi. Afsuski, ichki imkoniyatlarimizdan unumli foydalanish, mahalliy xom ashyolardan yangi mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi ixtirolar, kashfiyotlar qilish, ularni amaliyotga joriy etish kabi kutilgan o'zgarishlar yuz bermadi. Aksincha, chetdan olib kirilayotgan mollarning narxi oshdi, xolos.

Prezident Shavkat Mirziëev Oliy Majlisga Murojaatnomasida mazkur dolzarb masalani esga olib, “Asosiy maqsadlarimizdan biri – tashqi bozorga sifatli va sertifikatlangan mahsulotlarni “o'zbek brendi” nomi ostida olib chiqishdan iborat”, deya ta'kidladilar.

Ochig'ini aytganda, antiqa xorij mollari va baland narxlar biz uchun yangilik emas. Chorak asrdan buyon tanish holat bu. Ammo shuncha vaqt ichida “o'zbekning asl “brendi!” deya hamma tan oladigan mahsulot yarata oldikmi? “O'zGM” avtomobillari yoki “Artel” mahsulotlarini “o'zbek brendi”, deya olamizmi? Bu texnikalar bizda yig'ilgani bilan, afsuski, ularga to'liq egalik da'vo qila olmaymiz. Ularning asl yaratuvchilari bor. Ularga faqatgina “doya” maqomidamiz, hatto mahsulotlarga nom ham qo'ya olmaymiz! Boz ustiga, bu avtomobillar va ro'zg'or jihozlari o'zimizda qimmat, chetda esa ikki barobar arzon baholarga sotilishining sababi nimada? Masalan, Rossiyada Lacetti Gentra 6-8 ming, Nexia-3 5000$ AQSh dollariga sotilayotgani yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda juda ko'p e'tirozlar bildirildi. Bunga mutasaddilar tomonidan tayinli va ishonchliroq izoh berilmagani ustiga, “o'zimizning” avtomobillar savdosida turli “o'yinlar”ning hanuz davom etayotgani yanada taassufli.

Davlatimiz rahbari Mirzo Ulug'bek shaharchasiga tashrifi chog'ida ilm-fanning bugungi ahvoli haqida taassuf bilan shunday degandi: “Biz 25 yil ilm bilan shug'ullanmadik, bor ilmni yo'q qildik. Birorta ilm-fan yo'nalishi bo'yicha bizda o'zgarish yo'q, birorta fan yo'nalishi bo'yicha maktab yarata olmadik. Agar biz ilmga asoslanmasak, haqiqiy rivojlanish bo'lmaydi!”

Ilg'or texnologiyalar ilm tufayli paydo bo'ladi. “Brend” – ilm, farovon hayotga ham ilm orqali erishiladi. Savdo-sotiq ham kerak, ammo bugungi kunda zamonaviy bilim va innovatsiyalar (bilimlar asosida yaratilgan qiymat) naqadar darajada hal qiluvchi kuchga egaligini ko'rib turibmiz. Whatsapp ilovasi Feysbuk tomonidan 19 milliard dollarga sotib olindi. O'zbekistonning bir yillik paxtasi, aytishlaricha, 1 milliard 200 million $ daromad keltiradi. Patek Philippe firmasi bir dona “brend” qo'l soatini 20 ming dollardan 500 ming dollargacha pullayapti. Bu pulga “o'zimizning” Lacetti Gentra mashinasidan necha dona olsa bo'ladi! 200 dollarlik tannarxdagi iPhone telefonini qarz-qavola qilib bo'lsa ham, 1200 dollarga og'rinmay sotib olayapmiz…

Bugun muammo va kamchiliklarni ochiq e'tirof etish, yutuqlarni “foizlar”da ko'rsatib maqtanish o'rniga, raqamlarning real holatini o'rganish kerakligi ta'kidlanmoqda. Endi do'ppini yerga qo'yib, bir o'ylab ko'raylik: butun boshli o'zbek xalqi ter to'kib bir yil yetishtirgan paxtasi necha pullik bo'layapti-yu, besh-olti yoki nari borsa, o'n kishilik jamoadan iborat Whatsapp ilovasi kashfiyotchilarining ixtirosi qanchaga sotilayapti?

Xolis tan olish ham – mardlik, deydilar. Hozircha “mega osh” damlash bo'yicha rekord qo'ydik. Chunki oramizda mohir oshpazlar, ishtahasi karnay oshxo'rlar, tomoshabop “shou muxlislari” ko'p. Ilm-ma'rifatga intilishimiz kuchaysa, ana shunda jiddiy sohalarda ham rekordlar o'rnatsak, ajab emas.

MUMni tomosha qilishimiz davomida ana shunday fikrlar xayoldan o'tdi.

Baxtiyor HAYDAROV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi