Ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarida Moskvadagi qurilishda Tojikiston va O'zbekiston fuqarolari ommaviy mushtlashgani haqida xabar tarqaldi.
Moskva shahridagi “Ant Yapi” korxonasi qurilish obektida ishlayotgan O'zbekiston fuqarolari ishtirokida ommaviy mushtlashuv sodir bo'lgani haqida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi quyidagilarni ma'lum qildi.
Konsullik bo'limi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi xodimlari voqea joyiga borib, obektda qurilish ishlari vaqtincha to'xtatilganini, ishchilarning yashash joyi va hudud politsiya himoyasi ostida ekaniga ishonch hosil qildi.
Ma'lum bo'lishicha, ommaviy mushtlashuvga shu yilning 18 mart kuni oshxonada navbat kutish vaqtida yuzaga kelgan tushunmovchilik sabab bo'lgan. Tortishuv 50-60 nafar fuqaro ishtirokida ommaviy mushtlashuvga aylangan.
Voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 40 ga yaqin xodim qo'lga olinib, vaziyatga oydinlik kiritish uchun ichki ishlar bo'limiga olib ketilgan.
Ta'kidlash kerak, mavjud ma'lumotlarga ko'ra, qo'lga olinganlar so'roq qilinib, tushuntirish xati yozilgach, qo'yib yuborilgan.
«Og'ir tan jarohati olgan va jabrlanganlar orasida O'zbekiston fuqarolari yo'q. Yaqin kunlarda konsullik bo'limi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi xodimlari vaziyatga oydinlik kiritish uchun qurilish kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o'tkazishni rejalashtirmoqda» deyiladi xabarda.