Rossiyalik gubernatorning uy qamog'idagi o'g'li qochib ketdi

0

Rossiyaning Krasnoyarsk o'lkasi gubernatori Aleksandr Ussning Italiyada qamoqqa olingan o'g'li Artyom Uss Milandagi uy qamog'idan qochib ketdi, deb yozmoqda Zamon.uz nashri. Ikki kun oldin Milan appelyatsion sudi uni AQShga ekstraditsiya qilish bo'yicha hukm chiqargandi.

Italiya OAVga ko'ra, 22 mart kuni 40 yoshli Uss elektron brasletni sindirgan va kvartirasini tark etgan. Hozirda uni politsiya qidirmoqda. Qochoqning italiyalik advokati Vinisio Nardo xabarlarga izoh berishdan bosh tortgan.

Artyom Uss 2022 yil oktyabrida AQSh so'rovi bilan Milan aeroportida qo'lga olingandi. Qo'shma Shtatlar uni Amerika harbiy texnologiyalarining noqonuniy savdosi va pul yuvishda ayblamoqda. Uss ishi doirasida Germaniyada rossiyalik tadbirkor Yuriy Orexov va yana 3 nafar shaxs qo'lga olingan.

Italiya sudi AQShning 2 da'volarini to'g'ri deb topdi: gubernatorning o'g'li Venesuela neftini kontrabanda qilish va bank firibgarligida gumonlangan. Rossiya ham Ussni ekstraditsiya qilishni so'ragan. Moskva sudi uni sirtdan qamoqqa olish bo'yicha hukm chiqargan. Tadbirkor vatanida ham pul yuvishda ayblangan

Artyom Ussning o'zi italiyaliklardan vataniga qaytarishni so'ragan. U AQSh ayblovlarini siyosiy sabablar bilan bog'lab, aybini tan olmagan.