Telegramdagi do'stlarga ishonavermang! Ular kazzob bo'lishi mumkin…

0

Talaba qizning telegramdagi yangi tanishi jinoyatchi bo'lib chiqdi. U qizni qo'rqitib pul undirishni reja qilgan ekan.

Andijon viloyatidagi oliy ta'lim muassasalarining birida tahsil olayotgan 1 kurs talabasi P.M. IIBga yordam so'rab murojaat qildi.

Talaba qizning ma'lum qilishicha, u “Telegram” messenjerida “PANDA” nomli profil foydalanuvchisi bilan tanishib qoladi. Munosabatlari iliqlashgach, “PANDA” qizning sir saqlanishi lozim bo'lgan fotosuratlarini qo'lga kiritadi. So'ng rasmlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish va yaqinlariga yuborib, sharmanda qilishini aytadi. Bundan qilmasligi uchun evaziga 1.150.000 so'm pul talab qiladi.

O'tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, “PANDA” profili foydalanuvchisi Andijon shahrida yashovchi 28 yoshli M.A. ekani aniqlandi. P.M.ni qo'rqitib, undan kimyoviy ishlov berilgan 1.150.000 so'm pullarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo'lga olindi.

M.A.ga nisbatan O'zR JKning 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qonunga muvofiq, M.A. tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.