Yer silkinishidan ogohlantirgan Google prognozi qanchalik ishonchli?

0

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Seysmologiya instituti direktori o'rinbosari Vohidxon Ismoilov zilzilani oldindan aniqlash yo'nalishidagi ishlar, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan ma'lumot berdi.

 

Qayd etilishichk, Google kompaniyasi tomonidan 2020 yilda ishlab chiqilgan va Android tizimiga o'rnatilgan zilzila to'g'risida erta ogohlantirish dasturi ilk bor AQShning Kaliforniya shtatida sinovdan o'tgan. Shundan boshlab Google kompaniyasi zilziladan erta ogohlantirish tizimini jahon tizimiga aylantirish bo'yicha ishlanmalar olib bordi. Android qurilmasida ishlayotgan mobil telefonlarning seysmik tebranishlar haqida erta ma'lumotlar olish imkoniyatini yaratdi.

 

Albatta, bu g'oya yangilik emas. Chunki Yaponiya hududi uchun zilzilalarni erta ogohlantirish tizimi Yaponiya metereologik agentligi tomonidan yaratilgan va qo'llanib kelinmoqda. Xuddi shunday mintaqaviy tizim Meksika, Xitoy, Tayvan, Italiya, Ruminiya va boshqa davlatlarda ham qo'llaniladi. Lekin Google kompaniyasi yaratgan mobil dastur butun jahonni qamrab olish imkonini beradi.

 

Google tizimi bu zilzilani prognoz qilish usuli emas, balki zilzila sodir bo'lgandan so'ng seysmik to'lqinlarni tarqalishi bilan bog'liq jarayonni uzatish tizimidir. Zilzila o'chog'idan tarqalgan bo'ylama to'lqin yaqin atrofdagi seysmik stansiyalarda qayd qilingandan so'ng, 3 soniyada zilzila to'g'risidagi ma'lumot, ya'ni o'choqning chuqurligi, zilzila kuchi, oradagi masofa, Google tizimi orqali dunyoga tarqaladi. Ko'ndalang tebranishlar fizik mohiyati bo'yicha talafotli tebranishlar bo'lganligi sababli, uning yetib kelish vaqti qanchalik erta aniqlansa, bir muncha xavfsizlikni ta'minlash mumkin.

 

Xitoy tadqiqotchilarining ma'lumotlariga ko'ra, erta ogohlantirish tizimi 3 soniyada shikastlanishlarni 14 foizga, 10 soniyada jarohatlanish va qurbonlarni 39 foizga, 20 soniyada 63 foizga qisqartirishi mumkin.

 

Shundan kelib chiqib, zilziladan erta ogohlantirish tizimining mavjudligi seysmik xavfsizlikni ta'minlashning samarali yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, Yaponiya aholisining 65 foizi erta ogohlantirish tizimidan samarali foydalanar ekan.

 

Erta ogohlantirish tizimi samaradorligi aholining zilziladan avval va zilzila davrida harakatlanishi bilan uzviy bog'liq. Hozirgi kunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan zilzila davrida aholining qanday harakatlanishi to'g'risida mobil ilova ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilingan.

 

Android qurilmasidan foydalanuvchi O'zbekiston aholisi ilk bor joriy yil 21 mart soat 21:47 da Afg'oniston hududida sodir bo'lgan kuchli zilzilaning seysmik tebranishlari to'g'risida erta ogohlantirish tizimi orqali ma'lumotlar oldi.