Ilon Mask “Twitter”ning asl qiymatini o'zi sotib olgan narxdan ancha past baholadi

0

“Twitter” bosh direktori Ilon Mask platforma qiymatini 20 milliard dollarga baholadi, garchi u loyihani 44 milliard dollarga sotib olgan bo'lsa-da. Mana shu prognoz tufayli kompaniya qolgan xodimlarga mart oyi oxirida aksiyalar ko'rinishida kamroq tovon to'laydi. Ijtimoiy tarmoq o'tgan yilning oxirida reklama beruvchilarining ko'p qismini yo'qotdi va “Twitter Blue” obunasi hali platformaga kutilgan daromad keltirmadi.

Soha mutaxassislarining ommaviy axborot vositalariga tushuntirishlaricha, Maskning kompaniya qiymatining 13 milliard dollarlik qarzlarini hisobga olgandagi bahosi 2023 yilda prognoz qilingan 3 milliard dollarlik daromaddan 11 baravar ko'p. Taqqoslash uchun, asosiy raqobatchilar hisoblangan “Snap” va “Pinterest” bu yilgi rejalashtirilgan daromaddan 4,5 baravar yuqori baholarga ega.

Mutaxassislarning fikricha, Maskning bahosi 2022 yil oktyabr oyidan beri “Twitter” qiymati ikki baravar pasayganini va u platformaning texnologik qismidagi davom etayotgan o'zgarishlar va xodimlarning qisqarishi fonida bu yil moliyaviy ahvolini to'g'rilay olmasligini tan olishdir. Avvalroq Mask 2023 yilda “Twitter” misli ko'rilmagan muvaffaqqiyatga erishishini aytib o'tgan edi.

Joriy yil fevral oyi oxirida Mask korporativ elektron pochta orqali “Twitter”ning qolgan xodimlari 24 mart kuni o'z faoliyati natijalariga ko'ra “Performance Awards” deb nomlangan “juda muhim” mukofotlarni olishlarini va'da qilgan. Ilgari platforma xodimlari Maskning “Twitter” ulushlari uchun ularga qanday kompensatsiya to'layotgani haqida ma'lumotga ega bo'lishmagan, kompaniya shaxsiy qo'llarga o'tgandan so'ng ular ushbu huquqdan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo'lishdi.

Maskning so'zlariga ko'ra, u “SpaceX”da uzoq vaqtdan beri qo'llagan tizimdan foydalanmoqchi, bu esa xodimlarga shaxsiy aksiyalarini muntazam ravishda sotish imkonini beradi. Mask “Twitter” ishchilariga taxminan 20 milliard dollarlik aksiyalar grantini taklif qildi.

OAV xabarlariga ko'ra, “Twitter”ning to'rt yillik xodimlarni rag'batlantirish dasturi ular o'z aksiyalarini faqat olti oydan so'ng kompaniyaga qaytarib sotishlari mumkinligini anglatadi.

Mask, shuningdek, yuzdan ortiq muhandislar va jamoa rahbarlarining yaqinda ishdan bo'shatilganini “kelajakda vazifalar samaradorligini oshirishga qaratilgan murakkab tashkiliy qayta ko'rib chiqish” sifatida baholadi. Kompaniyadagi manbalarga ko'ra, bunday omadlilar soni 2000 dan kam bo'lishi mumkin. OAV “Twitter” ijtimoiy tarmoq xodimlarini 4 oy ichida 7500 dan atigi 1000-1500 kishiga qisqartirishga muvaffaq bo'lgan, deb hisoblaydi.

Qayd etish mumkin, 2022 yil 28 oktyabrda Ilon Mask “Twitter” ijtimoiy tarmog'ini 44 milliard dollarga sotib oldi. “PayPal” asoschisi, “Tesla” va “SpaceX” kompaniyalari egasi platformani sotib olish bo'yicha dastlabki taklifidan olti oy o'tib buni amalga oshirdi. Birinchi harakat sifatida Mask yangi kompaniya rahbari o'laroq “Twitter”da “qush ozod bo'ldi” deb yozdi va platformaning butun rahbariyatini ishdan bo'shatdi.

O'tgan yil dekabr oyida “Twitter”ning daromadi 2021 yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaydi. Ilgari Mask ijtimoiy tarmoqni sotib olish bo'yicha bitimni yopish uchun yillik foizlari 1 milliard dollardan ortiq bo'lgan 13 milliard dollarlik kredit olishga majbur bo'lgan.

Fevral oyida Mask “Twitter”ning moliyaviy ahvoli haqida gapirdi.

“Kompaniya lbatta hali moliyaviy jihatdan mustahkam emas va bu maqsadga erishish uchun ko'p mehnat qilish kerak”, – dedi u.

Shuningdek, Ilon Mask so'nggi uch oy davomida “Twitter”ni bankrotlikdan qutqarishga harakat qilganini ta'kidlagan.

Qayd etish mumkin, ijtimoiy tarmoq Nyu-York universitetida bakalavr talabasi bo'lgan Jek Dorsi tomonidan 2006 yil 21 martda taqdim etilgan.