JSST: Pandemiya tugadi, koronavirusga qarshi kurash esa davom etmoqda

0

 

O'tgan hafta Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan koronavirus pandemiyasi tugatilgani e'lon qilindi. Ammo bu xavf to'liq chekinganini anglatmaydi.

So'nggi tadqiqotlardan birida JSST ekspertlari 139 ta mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni tahlil qildi. Mutaxassislar xulosasiga ko'ra, sog'liqni saqlash muassasalari faoliyatidagi uzilishlar pandemiya boshlanganidan uch yil o'tib, asta-sekin tiklanmoqda.

Bu borada muammolarga duch kelayotgan davlatlar soni 25 foizdan ham kamroq. Vaholanki, 2020 yil iyul-sentyabr oylarida mazkur ko'rsatkich 59 foizga teng edi.

Hisobotda qayd etilishicha, virus bundan keyin ham saqlanib qoladi. Davlatlar xuddi boshqa yuqumli kasalliklar singari u bilan muntazam va tizimli kurashishga moslashishi kerak.

O'z navbatida, dunyo olimlari infeksiya va uning yangi mutatsiyalariga qarshi samarali dori vositalarini yaratish ustida izlanishlarni to'xtatgani yo'q.

Jumladan, JSST va uning hamkorlari tomonidan o'tkazilayotgan “Solidarity” xalqaro klinik sinoviga 52 mamlakatdan ikki ming nafar olim jalb etilgan. Tadqiqotda 14 mingdan ziyod bemor ishtirok etyapti.

Olimlar guruhi yaqin istiqbolda SOVID-19’ga qarshi samaradorligi yuqori bo'lgan yangi dorilar yaratilishini ishonch bilan ta'kidlamoqda.