Kecha, 23 may kuni O'zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh hakami, mashhur sportchi Aida Hasanova 39 yoshida to'satdan vafot etdi. Bu haqda O'zbekiston qilichbozlik federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda aytilishicha, sportchi kosmetologik operatsiya davomida noto'g'ri dori vositasi qo'llanilishi oqibatida shokka tushgan. Biroz vaqt o'tgach, u 16-shahar shifoxonasiga olib borilgan. Hasanova taxminan kechki soat 19:00 larda shifoxonada vafot etgan.
Aida Hasanova 1983 yil 4 avgustda Toshkent shahrida tug'ilgan.
U qilichbozlik bo'yicha sport ustasi, 2001-2006 yillarda mamlakat chempionligini qo'lga kiritgan. 2005 yilda Angliyada o'tkazilgan xalqaro turnirda g'olib bo'lgan.
2014 yilda Aida O'zbekiston tarixida birinchi bo'lib uch qurol turi bo'yicha xalqaro qilichbozlik hakami bo'lgan. O'sha yildan boshlab u Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining hakami sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Aida Hasanova Tokio-2020 Olimpiada o'yinlarining qilichbozlik sport turida hakam sifatida ishlagan birinchi markaziy osiyolik mutaxassis hisoblanadi. U dunyoning eng yaxshi besh nafar qilichbozlik hakami deb ham e'tirof etilgan.