Fransiya elektron sigaretlarni taqiqlamoqchi

0

Fransiya Bosh vaziri Elizabet Born RTL radiosida nutq so'zladi va mamlakat bir martalik veypni taqiqlashni rejalashtirayotganini ma'lum qildi. Bu haqda Le Monde nashri xabar berdi.

 

Elizabet Bornning fikricha, elektron sigaretalar yoshlarni zararli odatlarga moyil qiladi.

 

Born mamlakatning chekishga qarshi milliy rejasi doirasida joriy qilinadigan taqiq qachon kuchga kirishiga aniqlik kiritmagan. U fransuz hukumati yaqinda tamakiga qarshi kurashning yangi rejasini taqdim etishini ma'lum qilgan, xolos.

 

Bosh vazirning qo'shimcha qilishicha, mamlakatda har yili 75 ming kishi chekish tufayli vafot etadi.

 

Ushbu reja yoshlarni yomon odatlarga moyil qiladigan bir martalik veyplarni taqiqlashga qaratilgan.

 

«Bu refleks va harakat, yoshlar bunga tez moslashadi. Chekish shu yerda boshlanadi», — deya qo'shimcha qilgan u.
Bir martali ishlatiladigan elektron sigaretlarning ko'pchiligida pushti limonad, marmelad yoki tarvuz kabi yoshlar yaxshi ko'radigan shirin va mevali ta'mi mavjud.

 

Fransiyada veyp narxi odatda 8 yevro (8,7 AQSh dollari) va 12 yevro (13 AQSh dollari) orasida.

 

Hozirda Fransiyada 18 yoshgacha bo'lgan bolalarga elektron sigaret sotishni taqiqlovchi qonun bor, biroq u amalda qo'llanilmaydi.

 

Hatto mamlakatda tamaki targ'iboti va reklamasi ham cheklangan.