Liviyada norozilik sifatida merning uyi yoqib yuborildi

0

Liviyaning Derna shahrida o'tgan hafta yuz bergan halokatli suv toshqiniga rasmiylar tomonidan tegishli choralar ko'rilmagani uchun yuzlab namoyishchilar shahar merining uyini yoqib yubordi, deb xabar beradi Kazinform agentligi BBC Newsga tayanib.

Namoyishchilar dushanba kuni kechqurun shahardagi Sahoba masjidi oldida to'planib, ko'pchilik Liviya hukumatining yuqori amaldorlarini ishdan bo'shatishga chaqirishdi. Natijada, Derna shahar kengashi endi tarqatib yuborildi.

Internet va mobil a'loqaga chiqish bloklangan va ommaviy axborot vositalariga to'sqinlik qilish maqsadida jurnalistlarga mamlakatni tark etishga buyruq berilgan.

Ikki eski va vayronaga aylangan to'g'on qulab, shaharni suv bosganidan keyin 10 mingdan ortiq odam rasman bedarak yo'qolgan.

BMT xabariga ko'ra, Tashkilot guruhlaridan biriga Dernaga kirishga ruxsat berilmagan.

«Biz voqea joyida qidiruv-qutqaruv guruhlari, tez tibbiy yordam guruhlari va Dernada bo'lgan BMT hamkasblarimiz ishlashda davom etayotganini tasdiqlashimiz mumkin», – dedi tashkilot vakili.

Namoyishchilarning fikricha, shahar hokimiyati ularni katta miqdorda yomg'ir kutilayotgani haqida ogohlantirmagan. Ular evakuatsiya qilishni buyurgandan ko'ra, uyda qolishni maslahat berishganini aytishdi. Rasmiylar bu versiyani rad etishadi.

Uzoq yillik rahbar Muammar Qaddafiy ag'darilganidan keyin hokimiyat uchun kurash natijasida parchalanib ketgan Liviyada hozirda ikkita hukumat mavjud – biri Tripolida, ikkinchisi esa mamlakat sharqida urush qo'mondoni general Xalifa Xaftar tomonidan qo'llab-quvvatlanadi.