Turizm qo'mitasining mansabdori ham tadbirkorlik qilayotgani fosh bo'ldi

0

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Turizm qo'mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi rahbari D.Samandarovaning tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanib kelayotganligi aniqlandi.

Qayd etilishicha, Korxona rahbari Samandarova Dilfuza Mansurovna 2023 yil 22 fevralida davlat ro'yxatidan o'tkazilgan “Avtoimkon trade” MChJda 50 foizlik ulush bilan ta'sischi ekan.

Shuningdek, u ijtimoiy tarmoq orqali Toshkent shahar markazida joylashgan “LBOS Jewellery ” kumush taqinchoqlar do'koni asoschisi ekanligini bayon qilgan va ushbu do'konni reklama qilgan.

Agentlik tomonidan yuqoridagi holatlarni bartaraf etish bo'yicha qo'mita va uning huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasiga taqdimnoma kiritilgan.

Eslatib o'tamiz, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham MChJga 100 foizlik ulush bilan ta'sischi bo'lib kelgani aniqlangan edi.

Ma'lumot o'rnida, Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 martdagi “Tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanish taqiqlangan mansabdor shaxslarning ro'yxati to'g'risida”gi qaroriga asosan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishi taqiqlangan.

Xuddi shu kabi O'zbekiston Respublikasining 2012 yil 2 maydagi «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida»gi O'RQ-328-son Qonunining 4-moddasiga asosan davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati subektlari bo'lishi mumkin emasligi belgilangan.