«Forbes»: Mirziyoyev rahbarligida O'zbekiston uchun jahon sahnasida yangi ufqlar ochilmoqda

0

Tahlilchi Melik Kaylan «Forbes»da e'lon qilingan maqolasida AQSh prezidenti Jo Baydenning yangi geostrategik tashabbusini tahlil qilib, bu jarayonda O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning roliga alohida e'tibor qaratdi:

Prezident Bayden BMT Bosh Assambleyasi maydonlarida bo'lib o'tayotgan AQSh–Markaziy Osiyo (S5+1) sammitida Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari bilan uchrashar ekan, global geostrategik munosabatlarga faol ravishda kirishib ketdi.

Sammitda beshta mamlakat: O'zbekiston, Qozog'iston, Turkmaniston, Qirg'iziston va Tojikistonning prezidentlari qatnashmoqda. Asosiy maqsad – tezkorlik bilan tijorat, xavfsizlik va investitsiya sohasida aniq bitimlar tuzish.

Kaylanning qayd etishicha, Mirziyoyev mintaqada biznesni, chegaralarni va savdo-sotiqni ochib yubordi, shu tariqa Markaziy Osiyo mamlakatlarining o'zaro integratsiyasi jadallashuviga kuchli turtki berdi.

O'zbekiston Mirziyoyev rahbarligida sharq va g'arbni, shimol va janubni bog'lovchi yirik transport xabiga aylanishga intilmoqda.

Muallif AQSh tomonidan 1974 yilda qabul qilingan Jekson-Venik tuzatishlari to'g'risida ham eslab o'tgan. Ushbu cheklovlarning bekor qilinishi AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi savdo munosabatlarining normallashuviga xizmat qiladi, deydi tahlilchi.

O'zbekiston kuchli oltin eksporti hisobiga COVID-19 pandemiyasi davrida rivojlanishdan to'xtamagan kam sonli iqtisodiyotlardan biri bo'ldi, deb yozadi Kaylan.

O'zbekiston JSTga a'zo bo'lish yo'lida muzokaralar olib borayotganini ta'kidlar ekan, muallif AQShni ushbu jarayonni faollashtirishga chaqirdi. Shuningdek, u 1974 yilgi Jekson-Venik tuzatishlariga e'tibor qaratib, AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi savdo munosabatlarini normallashtirish uchun uni bekor qilish zarurligini ko'rsatib o'tgan.

Kaylanning fikriga ko'ra, Baydenning yangi tashabbusi Hindiston, Saudiya Arabistoni va Yevropa o'rtasida savdo yo'lagini ochishga qaratilgan. Bu esa AQShning global geostrategik kurash maydoniga qaytish yo'lidagi qadamidir. Ushbu tashabbus muvaffaqiyat keltiradimi-yo'qmi, bu ko'p jihatdan O'zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan strategik hamkorlik aloqalariga bog'liq.