Mutaxassislar SOVID-19ning yangi shtammi qanday belgilarda namoyon bo'lishini aytishdi

0

Kuz mavsumi boshlanishi bilan dunyoning ba'zi mintaqalarida koronavirus mavzusi yana kun tartibiga chiqdi. Epidemiologik hisobotlarda ayrim davlatlarda kasallanishlar soni o'sishi qayd etilmoqda.

Mutaxassislar buni COVID-19 ning yangi — BA.2.86 shtammi tarqalayotgani bilan izohlayapti. “Pirola” deb nomlangan mazkur mutatsiya ilk bor shu yil avgust oyida Fransiyada aniqlangandi.

Ko'p o'tmay u Isroil, Kanada, Daniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Shvetsiya, Norvegiya, Shveysariya, Tailand va AQSh kabi mamlakatlarida ham ro'yxatga olindi.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti yangi shtammni kuzatuv ostiga olgach, chuqur laborator tekshiruvlar natijasida uning tarkibida “Spike” genining 30 dan ziyod mutatsiyasi mavjudligini aniqladi. Bu “Pirola”ning yuqumlilik ko'rsatkichi yuqoriligini tasdiqlaydi.

Dastlabki o'rganishlarga ko'ra, BA.2.86 alomatlari so'nggi uch yil ichida tarqalgan boshqa koronavirus shtammlari singari o'tkir respirator virusli infeksiyalar simptomlariga o'xshash.

Bemorlarda isitma, uzoq muddatli yo'tal, bosh og'rig'i, holsizlik, hid va ta'm bilish qobiliyati yo'qolishi kabi qator belgilar kuzatilmoqda. Kasallik ba'zilarda nisbatan yengil o'tayotgan bo'lsa, boshqalarda xastalikning chekinishi uchun bir haftadan ko'proq vaqt zarur bo'lyapti.

So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, hozirgacha, BA.2.86 bilan bog'liq o'lim holatlari kuzatilgani yo'q.

Eslatib o'tamiz, Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasining ma'lum qilishicha, shu kungacha mamlakatimizda va qo'shni davlatlarda koronavirusning ushbu shtammi bilan kasallanganlar qayd etilmagan. Yurtimizda epidemik vaziyat barqarorligicha saqlanmoqda.