O'tgan 8 oyda qancha odam ovqatdan zaharlangan?

0

Bugun, 21-sentyabr kuni AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi tomonidan “Ovqatdan zaharlanish holatlarini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Ma'lum qilinishicha, keyingi paytlarda respublika aholisi o'rtasida umumiy ovqatlanish shoxobchalari, to'yxonalar, maktabgacha ta'lim tashkilotlari, shu jumladan, uy sharoitida tayyorlangan, sifatsiz mahsulotlarini iste'mol qilish bilan bog'liq guruhli ovqatdan zaharlanish va “Botulizm” kasalliklari qayd etilishi ortib bormoqda.

“Joriy yilning o'tgan 8 oyi davomida 39 ta holatda guruhli zaharlanish qayd etilib, ularda 414 nafar fuqaro jabrlangan, jabrlanganlarning 86 nafari bolalardir”, – deyiladi anjumanda.

Qayd etilgan ovqatdan zaharlanish holatlarining kelib chiqishi sabablari tahlil etilganda:

aksariyat umumiy ovqatlanish ob'yektlari, nodavlat ta'lim muassasalari oshxonalari sanitariya qoida va me'yorlari talablariga mos kelmagan holda faoliyat yuritayotganligi (oshxonalar loyiha bo'yicha qurilmagan, asosiy va yordamchi sexlar tashkil etilmagan, issiq suv bilan ta'minlanmagan va h.k.);
oshxonalarning jihozlar bilan to'liq ta'minlanmagan va mavjudlari esa ma'nan eskirgan yoki nosoz holatda ekani;
taom tayyorlash uchun sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari ishlatilishi;
umumiy ovqatlanish ob'yektlari oshpazlarining ko'pchiligi soha bo'yicha o'qimaganligi, ularning taom tayyorlash texnologiyalarini, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, tashish va realizatsiya qilish qoidalarini bilmasligi;
aksariyat hollarda “Sanitariya minimumi” o'quv kurslarida o'qimagan, sanitariya qoida va me'yorlari, epidemiyaga qarshi elementar talablarni bilmaydigan, tibbiy ko'rikdan o'tmagan xodimlar ishga jalb etilayotgani aniqlandi.