Internet ijtimoiy tarmoqlarida fuqaroni uyidan chaqirib, ostonada kaltaklab ketilganligi holati yuzasidan tarqalgan videomurojaat bo'yicha Farg'ona viloyati IIB ma'lumot berdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 12 sentyabr kuni fuqaro N.A videomurojaatdagi M.A.ning yashash uyi yaqinida o'zaro kelishmovchilik sababli uning yuz qismiga qo'li bilan urib, tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat shu kunning o'zida Marg'ilon shahar IIB tomonidan tegishli tartibda ro'yxatga olinib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Sudga oid tibbiyot ekspertizasining 2023 yil 21 sentyabr kungi xulosasiga ko'ra, M.A.ning olgan jarohati o'rtacha og'ir shikastlar toifasiga kirishligi ko'rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Farg'ona viloyati IIB har qanday qonunbuzilish holatlariga javobgarlik muqarrar ekanligini ma'lum qiladi.