Sirdaryoda masofaviy xizmatlar eksporti BPO logistika markazi ochildi

0

“IT Park” Sirdaryo viloyati filialida masofaviy xizmatlar eksporti BPO logistika markazi ish boshladi. BPO markazni tashkil etishdan asosiy maqsad – IT va logistika yo'nalishidagi xizmatlarni Sirdaryodan turib AQShga eksport qilishdan iborat.

Uning ochilishiga bag'ishlangan tadbirda viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev ishtirok etib, yuqori maoshli IT kasblarni egallash evaziga yoshlarning bandligini oshirish ustuvor yo'nalishlardan biri ekanini ta'kidladi. Markaz rahbariga “IT Park rezidenti” guvohnomasi topshirildi.

Hozirda bu yerda 6 nafar yigit-qiz ish bilan ta'minlangan. Kelgusida ularning sonini 50 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Yil yakuniga qadar IT xizmatlar ko'rsatish hajmini 100 ming dollarga yetkazish ko'zda tutilgan

Shu yerning o'zida IT-park rezidentlari, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan yoshlar bilan muloqot bo'ldi. Ular o'zlarining faoliyatlari, yangi loyihalari haqida so'zlab berdi. Viloyat hokimi yoshlarning fikrlarini eshitib, takliflarini qo'llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.